08:05 / 13.12.2015
6727

Islom Karimov: O‘zbekiston Turkmanistonning betaraflik strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan Turkmaniston betarafligining 20 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etish uchun 11-12 dekabr kunlari ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Tashrifning asosiy voqealari 12 dekabr kuni bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz xorijiy davlatlar rahbarlari bilan birga Betaraf Turkmaniston maydoniga tashrif buyurdi. Ushbu mamlakatning betarafligi timsoli bo‘lgan Betaraflik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

1995 yil 12 dekabrda Turkmanistonning doimiy betaraflik maqomi tan olingani to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi qabul qilingan.

Ushbu sananing 20 yilligi munosabati bilan Ashxobodda “Betaraflik siyosati: tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lida xalqaro hamkorlik” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘ldi. Konferentsiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.

“Avvalo, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va turkman xalqini milliy bayram – Turkmaniston betaraf mamlakat deb e'lon qilinganining 20 yilligi bilan samimiy tabriklayman”, – dedi Islom Karimov.

Turkmanistonning betaraflik maqomi xalqaro miqyosda e'tirof etilishi mamlakat yangi tarixida tub burilish qilgan, davlat qurilishining asosiy bosqichlari va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan muhim voqealardan biridir.

BMT Bosh Assambleyasining 1995 yil 12 dekabrda qabul qilingan «Turkmanistonning doimiy betarafligi» rezolyutsiyasi o‘ziga xos noyob hujjatdir. Turkmaniston BMTning ushbu rezolyutsiyasini mamlakatning Asosiy qonuniga kiritib, o‘zining betaraflik maqomini konstitutsiyaviy mustahkamlagan yagona davlatdir.

Shuni ta'kidlash kerakki, dedi Prezidentimiz, ushbu xalqaro huquqiy maqom asosini Turkmanistonning tarixiy, geografik va etnomadaniy xususiyatlari, avvalambor, turkman xalqiga xos bo‘lgan tinchlikparvarlik, mehnatsevarlik, bag‘rikenglik va yaxshi qo‘shnichilik kabi azaliy fazilatlar tashkil etadi.

Turkman xalqining bunday fazilatlarini ushbu mamlakatning eng yaqin qo‘shnisi bo‘lgan O‘zbekiston xalqi yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi. Bizning munosabatlarimiz asrlar davomida vaqt sinovidan o‘tgan. Xalqlarimiz og‘ir kunlarda bir-biriga yelkadosh bo‘lib, quvonchu shodliklarni baham ko‘rib kelgan.

Davlatimiz rahbari o‘zbek va turkman xalqining tarixi, tili, dini va an'analari bir, maqsadlari mushtarak ekanini alohida qayd etdi.

Mazkur konferensiya Turkmanistonning shu yillar davomida bosib o‘tgan yo‘lini tahlil etish, sarhisob qilish va mamlakatning bugungi taraqqiyot bosqichlari haqida fikr yuritish imkonini beradi.

Betaraflik maqomi nafaqat Turkmaniston xalqining uzoq muddatli manfaatlariga, balki mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini isbotlashning zarurati yo‘q, deb o‘ylayman, dedi Islom Karimov.

Turkmanistonni betaraf davlat sifatida e'lon qilish to‘g‘risidagi qaror SSSR parchalangandan so‘ng, sobiq ittifoqning deyarli barcha respublikalari rivojlanishning maqbul yo‘llarini topish, o‘z mamlakati kelajagini ta'minlashning milliy modelini ishlab chiqish bo‘yicha izlanayotgan bir paytda qabul qilindi.

Sobiq ittifoq respublikalari o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda mustaqil taraqqiyot yo‘lini tanladi.

Yosh va mustaqil Turkmaniston uchun betaraflik mamlakat ichki va tashqi siyosatini o‘zida mujassam etgan uzoq muddatli maqsad va vazifalarni amalga oshirishning o‘ziga xos shakli va mustahkam asosi bo‘lib xizmat qildi.

Turkmanistonning doimiy ijobiy betaraflik maqomiga ega davlat sifatida zamonaviy rivojlanish davri bevosita Gurbanguli Berdimuhamedov nomi bilan bog‘liqdir. U Prezident lavozimida faoliyatini boshlagach, Turkmanistonning betaraflik maqomi sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyidi, dedi Prezidentimiz.

O‘zbekiston Turkmanistonning betarafligi bo‘yicha vazmin tashqi siyosat strategiyasini, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, mintaqamiz mamlakatlarining iqtisodiy integratsiyalashuvi va barqaror rivojlanishiga qaratilgan tashabbuslarini hamisha qo‘llab-quvvatlaydi.

Turkmanistonning amaliy xalqaro hamkorlik uchun ochiqligini e'lon qilgan betaraflik konsepsiyasi bundan keyin ham mamlakat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, uning milliy manfaatlarini xalqaro miqyosda ilgari surishga xizmat qilishiga ishonamiz, dedi pirovardida Islom Karimov.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Bunda avvalo ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi yaqin do‘stlik, ishonch va hurmat muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkmaniston munosabatlariga yuqori baho berildi. O‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Top