12:54 / 14.12.2015
22728

Endilikda O‘zbekistonda hamma ham yakkaxon konserti dasturini bera olmaydi

So‘nggi vaqtlarda uch-to‘rtta qo‘shiq yaratib, radio-televideniye orqali namoyish etgan xonandalar ham katta san'at saroylarida yakkaxon konsertlarini berish urfga aylanib qolgan edi. Hali ism-sharifini ko‘pchilik eslab qolmagan, birgina qo‘shig‘i bilan ozroq tanilgan xonandaning “Istiqlol” yoki “Turkiston” san'at saroylarida ko‘p kunlik konsert dasturini o‘tkazayotgani kishiga erish tuyuladi. Axir hali ko‘pchilikning uning ism-sharifini ham to‘liq esda saqlab qolmagan bo‘lsa, bir-ikki taronasi muxlislarga manzur bo‘lishi bilan yakkaxon konsertini o‘tkazishga kirishib ketayotgani e'tirozlarni keltirib chiqardi ham.

O‘zbekistonda konsert-tomosha faoliyati muvofiqlashtirish, milliy musiqa san'atini yanada rivojlantirish, badiiy jihatdan yuksak asarlarni targ‘ib qilish,lisenziatlarning aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha huquq va majburiyatlarini aniqlashtirish maqsadida 2015 yil 9 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kontsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 354-sonli qarori qabul qilindi.

“Ushbu qarorga muvofiq, endilikda faqatgina konsert-tomosha faoliyatining I – II reyting guruhi litsenziyasiga ega xonandalar o‘z yakkaxon konsert dasturlarini tashkil etishlari mumkin, – dedi “O‘zbeknavo” estrada birlashmasining Lisenziya bo‘limi boshlig‘i Odil Abduqahhorov Kun.uz muxbiriga. – Bunday litsenziyalar maxsus komissiya xulosasiga ko‘ra taqdim etiladi. Mazkur xulosani chiqarish uchun ijrochilar belgilangan mezonlar va malaka talablariga mos kelishlari lozim. Jumladan, san'atkorlarning reytingi, unvoniga ham alohida e'tibor qaratiladi. Unvoni yo‘q, ammo xalq orasida obro‘si baland xonandalar ham xulosaga ko‘ra oliy toifali san'atkorlar litsenziyasiga ega bo‘lib, yakkaxon konsert dasturlarini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritadi.

Bundan tashqari, konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaning eng kam muddati bir yil qilib belgilandi. Shu vaqtga qadar xonandalar o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, 3, 6, 9 oy muddatga ham litsenziya olishlari mumkin edi”.

Ma'lumot uchun, litsenziyaning reyting guruhlari 1 – 6- toifalari mavjud bo‘lib, 1 – 4- toifalar professional faoliyat uchun taqdim etiladi. Ya'ni konsert tomoshalarini tashkil etish, ommaviy axborot vositalarida qo‘shiqlar va videokliplar taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 5 – 6- toifalar esa faqatgina to‘y, yubiley va boshqa tantalarda, ko‘ngilochar tashkilotlarda konsert xizmatini ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritadi.

Top