21:43 / 14.12.2015
13491

Erdo‘g‘an: "Uchuvchilarning xatosi" tufayli ikki davlat munosabatlari yomonlashishi kerak emas

"Keyingi 10-11 yilda mustahkamlanib borgan Turkiya-Rossiya munosabatlari Su-24 uchuvchilarining bir xatosi tufayli aksincha tus olib, sovuqlashishi kerak emas", deydi Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an.

"Biz bunday bo‘lishini istamagandik. Lekin uchuvchilarning xatosi tufayli mamlakat suverenitetiga tahdid paydo bo‘lgach, boshqa ilojimiz qolmagandi. Bu xatoni rossiyalik uchuvchilar qilishdi, ular diqqatli bo‘lishmadi va Turkiya tomonidan bildirilgan ogohlantirishlarni eshitishmadi. Bu xato ikki mamlakatning munosabatlariga bu qadar jiddiy ta'sir ko‘rsatmasligi kerak edi", degan u Turkmanistonga safarini yakunlab, Anqaradagi aeroportga qo‘nganida qarshisidan chiqqan jurnalistlarga intervyu berishi chog‘ida.

Uning ma'lum qilishicha, Ashxoboddagi Xalqaro konferensiya vaqtida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov, Gruziya prezidenti Georgiy Margvelashvili, Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif va Eron bosh vaziri o‘rinbosari Ishoq Jahongiri tomonidan Anqara va Moskva munosabatlari buzilgani bo‘yicha afsuslar bildirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya va Turkiya munosabatlari Suriya osmonidagi Su-24 bombardimonchi samolyoti turklar tomonidan urib tushirilgach, sovuqlashdi. Su-24 samolyoti uchuvchisi kapitan Oleg Peshkov katapultadan keyin tirik qolgan bo‘lsada, Lataqiya hududidagi turkman jangchilari tomonidan osmondaligidayoq o‘qqa tutilgach, halok bo‘lgan. Ikkinchi uchuvchi, kapitan yordamchisi, shturman Konstantin Muraxtin esa qutqarilgan. U Turkiya chegarasi buzilmaganini ta'kidlagan va turklar tomonidan hech qanaqa ogohlantirish signallari yo‘llanmagani haqida aytgan.

Shundan so‘ng, Rossiya prezidenti bu voqeani "orqadan zarba berish" sifatida baholagan hamda Turkiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar qo‘llash haqidagi qarorini imzolagan.

Top