18:46 / 14.12.2015
3414

Rossiyalik mutaxassis: Yevropa Ligasida "Lokomotiv" Turkiya jamoasiga qarshi o‘ynashi oldi olinishi kerak edi

Yevropa ligasining 1/16 final bosqichiga qur'a tashlangach, Moskvaning "Lokomotiv" klubi Turkiyaning "Fenerbaxche"ga jamoasiga qarshi bahs olib boradigan bo‘ldi.

Bu holat bir qator rossiyalik mutaxassislarning e'tirozlariga sabab bo‘ldi.

Xususan, Rossiya Futbol ittifoqining faxriy prezidenti Vyacheslav Koloskov bu vaziyat yuzasidan fikrlarini bildirgan. U Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashganini hisobga olgan holda, ikki davlat jamoalari bu bosqichda bir-biriga qarshi kelmasligini ta'minlash kerak edi, deb hisoblamoqda.

"Menga qolsa, albatta "Lokomotiv" va "Fenerbahche" o‘zaro uchrashmasligi choralarini ko‘rish kerak edi. Axir UYeFA bunday choralarni avval ham qo‘llab kelgan (Rossiya va Ukraina jamoalari o‘zaro duch kelmasligi o‘tgan yilgi turnirda ham, bu yilgisida ham ta'minlandi - kun.uz izohi). To‘g‘ri, biz Turkiya bilan hozirda urush holatida emasmiz, vakolatxonalar ishlab turibdi, munosabatlar uzilgani yo‘q. Lekin ehtimoliy tushunmovchiliklar kelib chiqishining oldini olish maqsadida shunday chora ko‘rish kerak edi. UYeFAning siyosati tushunarsiz. Ular vaziyatni yanada qaltislashtirishmoqchidek, go‘yo", degan u.

U muammolardan saqlanish uchun, ikki jamoa rahbariyati kelishgan holda o‘zaro o‘yinlarni betaraf maydonda (Rossiyada ham emas, Turkiyada ham emas) o‘tkazishlari mumkinligini aytib o‘tgan.

"Yoki turkiyalik muxlislar Cherkizovoga kelmasligi va rossiyalik muxlislar Istanbulga bormasligi kerak", degan Vyacheslav Koloskov.

Eslatib o‘tamiz, "Lokomotiv" jamoasi turnirning guruh bosqichida Turkiyaning boshqa bir jamoasi "Beshiktosh" bilan bir guruhdan joy olgandi.

"Lokomotiv"ning safar o‘yini vaqtida moskvalik futbol ishqibozlari mahalliy muxlislar va politsiya vakillarining zug‘umlariga duchor bo‘lishgan.

Xususan, "Lokomotiv" jamoasi muxlisiga Istanbulda o‘tkir tig‘li quroldan jarohat yetkazishdi.

Shundan so‘ng, UYeFA «Beshiktosh» va «Lokomotiv» jamoalariga qarshi ish ochdi.

24 noyabr kuni tongda Turkiya—Suriya chegarasida Suriyadagi harbiy operatsiyada ishtirok etayotgan Rossiyaning Su-24 samolyoti urib tushirildi. Turkiyaning ta'kidlashicha, samolyot mamlakat havo kengliklarini buzib o‘tgan.

Rossiya Mudofaa vazirligining qayd etishicha, Rossiya samolyoti Turkiya hududiga kirmagan.

Shundan beri, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashdi.

Su-24 urib tushirilishi tufayli "Rubin"ning turkiyalik futbolchisi Rossiyada muammoga duch kelgani haqida xabar berilgandi.

Bu voqealar fonida "Lokomotiv" jamoasi Turkiyadagi qishki yig‘inlarni bekor qilgandi.

Top