19:55 / 14.12.2015
5251

Samarqanddagi nogironlarni reabilitatsiya qilish markazi 109,500 dollarlik tibbiy jihozlar bilan ta'minlandi

Samarqand viloyatidagi mintaqaviy nogironlarni reabilitatsiya qilish markazi O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida 2015 yil 11 mart kuni imzolangan «Samarqand viloyati mintaqaviy nogironlarni reabilitatsiya qilish markazini tibbiyot uskunalari bilan jihozlash” loyihasi bo‘yicha grant-shartnoma doirasida 109,500 AQSh dollarlik zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta'minlandi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Kun.uz saytiga ma'lum qildi.

Taqdim etilgan ma'lumotga ko‘ra, ushbu ijtimoiy loyiha doirasida Samarqand viloyati mintaqaviy nogironlarni reabilitatsiya qilish markazi barcha turdagi umume'tirof etilgan fizioterapiya muolajalari, jumladan, elektroterapiya, lazer terapiyasi, ultratovush terapiyasi, magnit terapiyasi, traktsion terapiya va zarba-to‘lqinli terapiyani o‘zida jamlagan zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlandi.

2015 yil 19 dekabr kuni Samarqand viloyatida Yaponiya hukumatining “Kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam” dasturi doirasidagi mazkur loyihaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Fumixiko Kato, Yaponiya Vakillar palatasi deputati, Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi (YaLDP) Halqaro aloqalar departamenti direktori Kadzunori Tanaka boshchiligidagi Yaponiya Parlamenti missiyasi ishtirok etishadi.

Ma'lumot uchun, 1995 yildan boshlab ushbu dastur doirasida O‘zbekistondagi davlat tibbiyot va ta'lim muassasalari, mahalliy hokimiyat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) tomonidan umumiy miqdori 23,380,680 AQSh dollarlik 352 loyiha amalga oshirildi.

Top