00:26 / 14.12.2015
8992

TAPI xalqaro gaz quvurining turkman uchastkasi qurilishiga start berildi

2015 yil 13 dekabr kuni Mari viloyatida TAPI nomini olgan yirik mintaqaviy loyiha – Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston xalqaro gaz quvurining turkman uchastkasi qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. 

Bu haqda 12news.uz yangiliklar agentligi muxbiri Shuhrat Oripov kun.uz caytiga xabar berdi.

Marosimda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gani, Hindiston Respublikasi vitse-prezidenti Muhammad Xamid Ansoriy, Pokiston bosh vaziri Muhammad Navoz Sharif, qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda TAPI gaz magistrali yirik iqtisodiy va energetik loyihagina bo‘lib qolmasdan, o‘zaro yaqin geografik hududda joylashgan davlatlarning siyosiy irodasi va manfaatlari mushtarakligi, ularning tinchlik va barqarorlik yo‘lidagi hamjihatligini ham amalda namoyon etishi ta'kidlandi. Ekspertlar fikriga ko‘ra, mazkur loyiha istiqbolda Osiyo mintaqasining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishida ham muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Jumladan, loyihaning amalga oshirilishi natijasida yangi ko‘plab ijtimoiy inshootlar barpo etilishi, minglab ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. TAPI Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqasi davlatlari o‘rtasidagi integratsiya jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, loyiha Afg‘onistonning iqtisodiy-ijtimoiy tiklanishida ham muhim o‘rin tutadi.
Tadbir yakunida davlatlar rahbarlari tomonidan xalqaro gaz quvurining turkman uchastkasi qurilishiga ramziy start berildi.

Turkmaniston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston hukumatlari 2010 yilda Ashxobod shahrida TAPI xalqaro gaz quvurini barpo etish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishgan. Gaz magistrali Turkmanistonning “Galkinish” gaz konidan boshlanib, Afg‘oniston, Pokiston orqali Hindistonning Fazilka aholi punktigacha yetib boradi. Loyiha Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanmokda.

Gaz quvurining umumiy uzunligi 1814 km dan ortiq bo‘lib, uning 214 kilometri Turkmaniston hududiga, 774 km Afg‘oniston, 826 km Pokiston xududlariga to‘g‘ri keladi. Gaz quvuri to‘liq hajmda ishga tushganidan keyin yiliga umumiy miqdorda 33 milliard kubometr gaz yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Gaz magistrali obektlarini 2018 yilning dekabriga qadar to‘liq foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

TAPI loyihasi Turkmaniston hukumatining yoqilg‘i-energetika sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Ashxobodda 2015 yilning 12 dekabr kuni BMT Bosh assambleyasi tomonidan Turkmanistonning doimiy betaraflik maqomi tan olinganining 20 yilligiga bag‘ishlab “Betaraflik siyosati: tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lida xalqaro hamkorlik” mavzusida tashkil etilgan xalqaro konferensiyadagi ma'ruzasida O‘zbekiston Turkmanistonning betarafligi bo‘yicha vazmin tashqi siyosat strategiyasi, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, mintaqamiz mamlakatlarining iqtisodiy integratsiyalashuvi va barqaror rivojlanishiga qaratilgan tashabbuslarini hamisha qo‘llab-quvvatlashini ta'kidlagan edi.

Top