18:24 / 14.12.2015
3914

Toshkent shahridagi Inha universitetida “Ajoyib matematika” ilmiy-amaliy festivali bo‘lib o‘tadi

2016 yilning 6-8 yanvar kunlari Toshkent shahridagi Inha universitetida “Ajoyib matematika” festivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda universitetning rasmiy saytida xabar qilindi.

“Matematika fani deganda qiyin misollar, boshqotirma va sonlar ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Lekin biz uni qanday qilib murakkablikdan ko‘ngilochar matematikaga aylantirish yo‘lini bilamiz.

Qishki ta'til davrida qiziquvchan va bir oz hafsalasiz farzandlarimiz 6-8 yanvar kunlari “Ajoyib matematika” festivalida ishtirok etib, matematika fanining naqadar foydali va ajoyib ekanligiga o‘zlari amin bo‘lishlari mumkin”, deyiladi xabarda.

Mazkur festivalning ochilish marosimi 6 yanvar kuni soat 13:00 da bo‘lib o‘tadi.
Festivalda o‘rta maktab o‘quvchilari, kasb-hunar kollej va litsey talabalari, matematika fani ustozlari va barcha qiziquvchilar ishtirok etishlari mumkin.

Shuningdek, festivalda Janubiy Koreyaning 20dan ortiq, turli ta'lim muassasalarida matematika fanidan dars beradigan o‘qituvchi va vakillar ishtirok etishadi.

Ishtirokchilar ular bilan ingliz tilida suhbat qurib, fikr almashish va fan ustida munozara olib borish imkoniga ega bo‘ladi. Festival doirasida o‘qituvchi va o‘quvchilar orasida turli tanlovlar uyushtiriladi, g‘oliblar esdalik sovg‘alari va sertifikatlar bilan taqdirlanishadi.

3 kun davomida festivalga 3 mingga yaqin qatnashchilarning tashrif buyurishi kutilmoqda.

Top