18:48 / 14.12.2015
3260

Xitoylik o‘t o‘chiruvchilar aeroportda uchishga tayyorlanayotgan Boeing samolyotiga xatolik tufayli ko‘pik sepishdi

Xitoyda Fuchjou shahri aeroporti o‘t o‘chiruvchilari uchishga tayyorlanayotgan, soz holdagi Boeing 737-800 samolyotiga xatolik tufayli ko‘pik sepishdi.

“Beytszin tsinnyanbao” gazetasining ma'lum qilishicha, ko‘pik sepilishi oqibatida ishdan chiqqan samolyot dvigatellarini almashtirish uchun 120 mln yuan (18,6 mln dollar) kerak bo‘ladi.

“Dvigatelga ko‘pik tushishi uning buzilishiga olib keldi, ularni almashtirish uchun bir haftacha vaqt talab etiladi”, deb aytildi samolyotga egalik qiluvchi Fuzhou Airlines aviakompaniyasi bergan xabarda.

Aniqlanishicha voqea anglashilmovchilik sababli sodir bo‘lgan: o‘t o‘chiruvchilarga Air China kompaniyasi samolyoti alangalanishi xavfi haqida signal tushgan. Nashrning ta'kidlashicha, ehtimol, ishlab turgan dvigatelga ko‘pik bilan ishlov berish kerak bo‘lgan, biroq nosoz samolyot uchuvchisi dvigatelni o‘chirib qo‘ygan va bu haqda o‘t o‘chiruvchilarga xabar bermagan. O‘t o‘chiruvchilar uchish polosasiga kelishgandan keyin dvigateli ishlab turgan samolyot yoniga yo‘l olishgan.

Voqea sababli aeroport faoliyati 1,5 soatga to‘xtatib qo‘yildi, ba'zi reyslar bekor qilindi. Xatolik sababli ko‘rilgan zararni o‘t o‘chiruvchilar yoki sug‘urta kompaniyasi qoplashi masalasi hal qilinmoqda.

Top