11:32 / 15.12.2015
5707

ASBC: Bektemir Meliqo‘ziyev Osiyoning 2015 yildagi eng yaxshi bokschisi

Osiyo boks konfederatsiyasi (ASBC) turli nominatsilar bo‘yicha yilning eng yaxshilarini ("Best of the Asians") aniqladi.

ASBC 2012 yildan buyon turli kategoriyalar bo‘yicha yilning eng yaxshi bokschilari va yilning eng yaxshi murabbiylarini e'lon qilishni yo‘lga qo‘ygan. 2015 yilda 15 nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar nomi aytildi. G‘oliblar qatorida O‘zbekiston vakillari bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev va murabbiy Rustam Saidov nomlari bor.

Bektemir Meliqo‘ziyev boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo va jahon chempioni, II o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi, kattalar o‘rtasida Osiyo chempioni, jahon chempionati sovrindori hisoblanadi. Ayni vaqtda 19 yoshda bo‘lgan bokschi 10 yoshidan boshlab boks bilan shug‘ullangan.
Farg‘ona boks maktabi namoyondasi xalqaro maydondagi ilk yutug‘iga 2012 yili Ozarbayjondagi xalqaro turnirda erishdi. Shundan so‘ng Serbiya, Tailand va Rossiyada o‘tkazilgan musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egalladi.
2014 yili Tailandda o‘tkazilgan boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida va Bolgariyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu musobaqalardan keyin u Xitoyning Nankin shahri mezbonlik qilgan II o‘smirlar Olimpiadasida qatnashib, g‘alaba qozondi.
2015 yilda Bektemir Meliqo‘ziyev Bolgariyada o‘tkazilgan an'anaviy “Stranja” xalqaro turnirida g‘alaba qozondi. Bangkokdagi Osiyo chempionatida shohsupaning oliy o‘rniga ko‘tarilib, ko‘ksiga oltin medal taqdi. Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo‘lib, XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Sobiq bokschi Rustam Saidov Toshkentda 1999 yilda o‘tkazilgan Osiyo chempionatining oltin medalini qo‘lga kiritgan. 2000 yilgi Sidney Olimpiadasida esa bronza medali bilan taqdirlangan (+91 kg vazn toifasida). 37 yoshli sobiq bokschi ayni vaqtda terma jamoaning eng ilg‘or mutaxassislaridan biri hisoblanadi. Uning murabbiyligida O‘zbekiston terma jamoasi 2015 yilda Osiyo chempionatida 9ta medal oldi (2tasi oltin). Qatardagi jahon chempionatida esa 6ta medal qo‘lga kiritildi.

Osiyoning eng yaxshi erkak bokschisi: Bektemir Meliqo‘ziyev (75 kg), O‘zbekiston
Osiyoning eng yaxshi ayol bokschisi: Tassamelle Txongjan (57 kg), Tailand
Eng yaxshi yosh bokschi: Abilxan Amankul (75 kg), Qozog‘iston
Eng yaxshi yosh bokschi qiz: Chang Yuan (51 kg), Xitoy
Eng yaxshi o‘smir bokschi : Kris Sander Laurente (48 kg), Filippin
Eng yaxshi o‘smir bokschi qiz: Mandip Kaur Sandxu (52 kg), Hindiston
WSB yo‘nalishida eng yaxshi bokschi: Vasiliy Levit (91 kg), Qozog‘iston
APB yo‘nalishida eng yaxshi bokschi: Berik Abdraxmanov (60 kg), Qozog‘iston
Yil kashfiyoti: Rogen Ladon (49 kg), Filippin
Eng yaxshi murabbiy: Rustam Saidov, O‘zbekiston
Eng yaxshi menejyer: Moxamed Kamel Saxbib, Suriya
Eng yaxshi matbuot kotibi: Valid Jarrar, Iordaniya
Eng yaxshi referi: Vuong Chong Nxia, Vetnam
Yilning eng yaxshi voqeasi: Bangkokdagi Osiyo chempionati (Tailand)
Eng yaxshi boks federatsiyasi: Qatar milliy federatsiyasi

Top