13:38 / 15.12.2015
2856

Xodorkovskiy: muxolifatchilarning xavfsizligini ta'minlab bera olmayman

Rossiyalik muxolif siyosatchi, YuKOSning sobiq rahbari Mixail Xodorkovskiy RBK nashriga bergan katta intervyusida unga qarshi ochilgan navbatdagi jinoiy ishga munosabatini bildirdi, shuningdek, Rossiya ichki siyosati bilan bog‘liq boshqa masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

Yaqinda siyosatchiga qarshi qator ishlar qaytadan qo‘zg‘atildi. Dastlab u soliqlarni to‘lamaganlikda, so‘ng firibgarlikda, nihoyat, qotillikda va davlatga xiyonat qilishda ayblandi.

“Buni ular uzoq tayyorlashdi va endi orqaga qadam tashlashmasa kerak. Ular auditoriyaga qarab ishlamoqda. Ularning auditoriyasi esa bir kishi”, - tan oldi sobiq oligarx, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni nazarda tutib.

“Buyruq yozning boshida berildi, - so‘zida davom etdi u. – FXB tomonidan muvofiqlashtiriluvchi guruh shakllantirildi, u yerga deyarli barcha idoralar jalb qilindi. Biz hatto hamkasblarim bilan xalq ishlashni unutganini, hujjatlarni noto‘g‘ri tuzganini ko‘rib kuldik: ayblanuvchi sifatida so‘roqqa chaqiruv yo‘llashdi, keyin esa avval ayblovni e'lon qilish uchun chaqiriq yo‘llash kerakligini esga olishgan ko‘rinadi. hammasini shoshib-pishib bajarishgan”.
“Bugun tergov qo‘mitasi muhokama qilayotgan narsa 12 yildan buyon muhokama qilinadi. Prezident Putin shaxsan bu haqda turli yillarda uch marta aytgan. Meni qamoqdan chiqarishganida barcha pozitsiyalar uning stoli ustida edi. Ammo hech narsa o‘zgarmadi. Shu nuqtai nazardan harakatlanish va moliyaviy jihatlardan muammolar kelib chiqadi deb o‘ylamayman. Agar hukumatimiz o‘zini hozirgiday tutishda davom etsa, iqtisodiy, tashqi siyosiy muammolar, moliyalashtirish va harakatlanish bilan bog‘liq muammolar uning o‘zida bo‘ladi”.
Xodorkovskiy, shuningdek, biznesga qaytishni rejalashtirmayotganini ma'lum qildi.
“Qamoqdan chiqishim hamono Leonid bilan va YuKOSdagi ishim bo‘yicha boshqa hamkasblarim bilan uchrashdim, - dedi u. – Ularga biznes karerasiga qaytmasligimni, aktivlarni qaytarishni rejalashtirmayotganimni aytdim. Qo‘limdagi resurslar oldimga turgan maqsadlarga erishish uchun yetarli. Yangi resurslarga ega bo‘lishga sarflaydigan vaqtim yo‘q. Boz ustiga, hamkasblarim bu ishning uddasidan muvaffaqiyat bilan chiqmoqda”.

Xodorkovskiy bugungi Rossiyada muxolifatchilar duch kelayotgan xavf-xatarlar bilan o‘rtoqlashdi:
“Bugungi vaziyatda men va, o‘ylashimcha, hech kim Rossiyada muxolif jamoatchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan odamlarning xavfsizligini kafolatlashga qodir emas. Bu faoliyatni boshlagan odam o‘z gardaniga jiddiy xatarlarni oladi. Albatta, kelajakda, rejim o‘zgarganida ular ayrim imtiyozlarga ega bo‘ladi. Men faqat bitta narsani va'da qila olaman – hech kimni unutishmaydi. Agar odamlar qamoqqa tushsa, ularni unutishmaydi, bugungi hukumat ularni unutishiga yo‘l qo‘yishmaydi. Bu bilan “Huquq himoyasi” loyihasi shug‘ullanmoqda. Lekin bundan ortig‘ini, bundan ortiq himoyani odamlarga va'da qilishning imkoni yo‘q. Men ham bunday xatarni 2003 yili o‘z bo‘ynimga oldim. Rossiya qaytsam qamalishimdan ogohlantirishgan edi. Shuning uchun 10 yil o‘tirib chiqdim”.

Top