11:29 / 17.12.2015
6843

Ekspert: Qozog‘istonning davlat apparati Rossiyanikidan samaraliroq

Tahlilchi Aleksandr Burkovning “Kommersant'” gazetasida chop etilgan maqolasida Qozog‘istonning tashqi siyosati hamda davlat boshqaruviga to‘xtalib o‘tildi.
Muallif Qozog‘istonni Markaziy Osiyo Singapuri deb atab, uning barcha davlatlar bilan do‘stona aloqalar o‘rnatishga intilayotganini ta'kidlab o‘tdi.

“Tashqi siyosatining asosi sifatida qozoqlar “katta foyda”ni ko‘rsatadilar va uni “katta o‘yin”ga qarshi qo‘yadilar. Iqtisodiy strategiya esa “100 qadam” deb ataladi. Mamlakatning barcha davlatlar bilan bir xildagi munosabatlari va barqaror iqtisodiy o‘sishga qaraganda, bunday yondashuv o‘zini oqlamoqda”, - ta'kidlaydi muallif.

Qozog‘iston iqtisodiyoti ba'zan Rossiya iqtisodiyotining kichraytirilgan modeli deb ataladi: aholi va hudud mutanosibligi, neft va gaz resurslarining hajmlari ko‘p tomonlama o‘xshashdir. Qozog‘iston aholisi 18 mln, neft yiliga 80 mln tonna qazib olinadi; Rossiya aholisi 142 mln kishini tashkil qiladi, neft qazib olish esa yiliga 500 mln tonnani tashkil etadi. Bundan tashqari, har ikki davlat iqtisodiyoti neft sotuvlariga bog‘lanib qolgan.

Shunga qaramay, Burkovning fikricha, Qozog‘istonning davlat boshqaruvi Rossiyanikidan ancha samaradorroqdir.
“1997 yilda “Qozog‘iston-2030” strategiyasi qabul qilingan edi. Bu milliy davlatchilik qurishning kengaytirilgan rejasi bo‘lib, Qozog‘istondagi islohotlarning negizini tashkil qiluvchi prinsiplar unda aks etgan”, - ta'kidlaydi ekspert.
Islohotlar va iqtisodiyotni liberallashtirish barqaror va ancha qattiqqo‘l siyosiy tizimda o‘tgani ham ta'kidlab o‘tildi.

“Xalqaro amaliyotlar, shu jumladan, demokratiyalar ham, ko‘r-ko‘rona ko‘chirilmadi, ular tanlab olindi, moslashtirildi. Qozog‘iston rahbariyati qon va xaosdagi demokratiyani istamadi, demokratik o‘zgarishlar yo‘lning boshida kuchli siyosiy irodaga asoslanishi lozimligini tushundi”.
“Qozog‘istonda Rossiyaga nisbatan ancha samarador davlat apparati bor, - deydi iqtisodchi Mixail Xazin. – Nazarboyev o‘zining asosiy yutuqlaridan biri deb viloyatlar rahbarlariga ularning mavqei ajratilgan hududdagi importning o‘rnini bosishga bog‘liqligini ko‘rsata olganini biladi”.

“Qozog‘iston-2030” strategiyasi muddatidan oldin muvaffaqiyat bilan bajarilgan deb hisoblanadi, shu bois endilikda rahbariyat “Qozog‘iston-2050” dasturi ijrosiga kirishib ketdi. Endilikda asosiy urg‘u iqtisodiyotning resurslarni qazib olish segmentining ulushini kamaytirishga qaratilmoqda. Neft sektorining YaIMdagi ulushi 2010 yilda 49 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2014 yilda 44 foizga tushdi.
Shuningdek, Qozog‘istonning geografik joylashuvi uning asosiy strategik resurslaridan biri hisoblanadi.

Uning global g‘oyasi Ipak Yo‘li davridagidek Markaziy Osiyodan muhim tranzit-transport bog‘lamalarini o‘tkazishdir. Buning yo‘lida yer usti tranzit va savdo yo‘llari marshrutining milliy infrastrukturasini yaratishga birlamchi ahamiyat qaratilmoqda. Qozog‘iston orqali o‘tadigan yo‘l Xitoy va Yevropa o‘rtasida yuk tashish vaqti va xarajatlarini ikki barobarga qisqartiradi, Fors ko‘rfazi davlatlari bilan aloqalarni osonlashtiradi. “Nurli jo‘l” loyihasi doirasiad Markaz-Janub, Markaz-Sharq, Markaz-G‘arb yo‘nalishlari bo‘yicha 11 loyiha amalga oshirilmoqda.

Xususan, Bo‘rjoqti-Yersoy, Olmaota-Chu temir yo‘llar, Quriq portida parom o‘tish yo‘li qurilmoqda. Ushbu loyihalarda 72 ming kishi ishlamoqda.
Burkov Qozog‘iston tashqi siyosatining ko‘p vektorli ekanligiga e'tibor qaratdi. Uning yozishicha, mamlakat logistik xabdan moliyaviy xabga aylanishi kutilmoqda.
“Joriy yilda “Ostona” xalqaro moliya markazining qurilishi haqida qaror qabul qilindi. U islomiy moliya, privat-banking va qayta sug‘urtalash sohasida mintaqaviy xabga aylanadi”, - ta'kidlanadi maqolada.

Resurslarga boy bo‘lishiga qaramay, mamlakat o‘z oldiga yuqori texnologiyalarni rivojlantirish hamda mintaqaning ilmiy markaziga aylanish maqsadlarini qo‘ymoqda. 22 yil muqaddam boshlangan “Bo‘lashaq” dasturi doirasida iqtisodiyot uchun boshqaruvchi kadrlar tayyorlash ishi amalga oshirildi. Iqtidorli yoshlar Yevropa universitetlariga o‘qishga yuborildi, endilikda ular qaytib, sekin-asta o‘z yo‘nalishlarida faoliyat boshlashdi.

“Qozog‘iston jahon miqyosida Singapur darajasiga ko‘tarilishi shubhali, buning uchun unga global bozorlar, birinchi navbatda AQSh bozori ochilishi lozim, lekin Markaziy Osiyo miqyosida bu ishni amalga oshira oladi”, - xulosa qiladi mutaxassis.

Eldor Asanov tayyorladi

Top