18:03 / 17.12.2015
13426

Putin qizlari haqida: ular biznes bilan ham, siyosat bilan ham shug‘ullanmaydi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin qizlari haqidagi gap-so‘zlarga izoh berdi. Eslatib o‘tamiz, yaqinda Moskva davlat universitetida ishlayotgan Yekaterina Tixonova Putinning qizi ekanligi haqida mishmishlar tarqagan edi.
“Yaqindagina qizlarim chet elda ta'lim olayapti, deyishayotgan edi”, - dedi Rossiya yetakchisi.

Uning ishontirishicha, qizlari faqat Rossiya oliygohlarida o‘qigan va Rossiya hududidagina yashagan. U Rossiya hududida yashab, uch-to‘rt tilda gapiradigan qizlaridan juda faxrlanishini tan oldi.
“Oilam bilan bog‘liq masalalarni hech qachon muhokama qilmayman. Ular biznes bilan ham, siyosat bilan ham shug‘ullanmaydi”, - qo‘shimcha qildi Putin.

U Tixonova “MDU rektorining yaxshi tashabbusi” ekanligini ta'kidlash bilan birga, qizlarining ish joyi haqida ma'lumot berishdan bosh tortdi.
“Ular hech qachon yulduzli bolalar bo‘lmagan. Har bir inson shaxsiy hayotga huquqlidir. Xavfsizlik yuzasidan ham bu axborotni oshkor qilmayman”, - xulosa qildi prezident.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun, 17 dekabr kuni, OAV vakillari ishtirokida katta matbuot anjumani o‘tkazmoqda.

Qariyb 1 400 jurnalist ishtirokidagi tadbir Xalqaro savdo markazida bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir Rossiyaning barcha markaziy kanallari orqali efirga uzatilmoqda.

Top