11:51 / 18.12.2015
2192

Del Boske murabbiylik faoliyatini yakunlamoqchi

Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Visente Del Boske Yevro-2016 turniridan so‘ng murabbiylik faoliyatini yakunlashini rasman ma'lum qildi.

64 yoshli mutaxassis bu qarorini sog‘lig‘iga e'tibor qaratish zarurati tufayli qabul qilgan.

“Hammasi reja asosida davom etsa, kelasi yili Fransiyada o‘tkaziladigan Yevropa chempionatidan so‘ng murabbiylik faoliyatimga yakun yasayman. Bunga yagona sabab – sog‘liq. Men 8 yil mobaynida Ispaniya terma jamoasini boshqardim. Ortiq ishlash niyatim yo‘q. Yagona istagim murabbiylik faoliyatimni yuqori notalarda yakunlash hisoblanadi. Shundan so‘ng men odatiy tarzda hayot kechira boshlashim mumkin”, – dedi Del Boske.

Ma'lumot uchun, 2008 yilda terma jamoani qabul qilib olgan ushbu mutaxassis 2010 yilda JARda o‘tgan mundialda g‘olib bo‘ldi. U 2012 yilgi Yevropa chempionatida ham "qizil furiya"ni chempionlik sahnasiga yetaklab kelgan.

Top