16:39 / 18.12.2015
14575

Rossiya O‘zbekistonga terrorchilikka homiylik qilgani gumonlangan o‘zbekistonlikni qaytaradi

Rossiya Bosh prokuraturasi qarori bilan terrorchilik uyushmalariga homiylik qilganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosi Shahobiddin O‘rinov jinoiy javobgarlikka tortilish uchun o‘z vataniga topshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq, ushbu turdagi jinoyat uchun 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

Rossiya Bosh prokuraturasi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘rinov O‘zbekiston Respublikasida “Tablig‘chilar” diniy-ekstremistik oqimiga qo‘shilganlikda, 2012 yilda “Turkiston Islom partiyasi" terrorchilik uyushmasiga a'zo bo‘lganlikda ayblanmoqda.

O‘rinov Moskvada bo‘lgan vaqtida, 2012 yilning oktabr oyiga qadar, Afg‘oniston va Pokiston hududida yashirin faoliyat ko‘rsatadigan “Turkiston Islom partiyasi” uchun odam yollash bilan shug‘ullangan. Shuningdek, ushbu partiya faoliyatini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida, mablag‘ to‘plash bilan band bo‘lgan.

"Rossiya Bosh prokuraturasi terrorchilik uyushmalariga homiylik qilganlikda ayblanayotgan Shahobiddin O‘rinovni O‘zbekistonga topshirish qarorini qabul qildi", deyiladi Sputnik xabarida.

Apellyatsiya arzlarida O‘rinov va uning himoyachisi chiqarilgan ajrimdan norozi ekanliklarini bildirib, birinchi instansiya sudida xatoga yo‘l qo‘yilganligi, jinoiy-protsessual kodeksga amal qilinmaganligi haqida ta'kidladi. Ammo O‘rinov va uning himoyachisi keltirgan dalillar inobatga olinmadi. Qaror qonuniy kuchga kirdi.

Top