15:25 / 18.12.2015
5751

Saakashvili Putinning AQSh vizasi haqidagi gaplarini inkor qildi

Kecha bergan katta matbuot anjumanida Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2008 yilgi Gruziya bilan urush hamda Ukrainadagi bugungi vaziyatga to‘xtalar ekan, Gruziyaning sobiq prezidenti, Odessa viloyati hokimi Mixeil Saakashvilini “iliq” so‘zlar bilan esladi.

Uning Odessaga hokim etib tayinlanishi “ukrain xalqining yuziga tupurish” bilan barobar ekanligini aytish barobarida, u AQShdan viza ololmaganini ham ta'kidlab o‘tdi. O‘z navbatida, Saakashvili Facebook’dagi sahifasida azaliy raqibining bu so‘zlariga javob berdi.

“Ukraina voqealari bilan parallel ravishda bugun Moskvada Putin, har doimgiday, meni esga oldi”, - deb yozdi siyosatchi.

“Vladimir Vladimirovich meni hech esdan chiqara olmaydi, Ukrainadagi ishim unga yoqmayapti, tushunaman, - so‘zida davom etdi u. – Agar biz Ukrainada korrupsiyaning umurtqasini sindirsak va chuqur islohotlar o‘tkazsak, uning yolg‘on saltanati qartali uychaday sochilib ketadi”.

Saakashvili viza haqidagi gap-so‘zlar yolg‘on ekanligini e'tirof etdi: “Putin yana bir bora yolg‘on gapirdi, go‘yo amerikaliklar menga viza bermagan emish, vaholanki menda o‘n yillik turistik va uch yillik ishchi vizasi bor. Menga nisbatan yolg‘onni ko‘paytirib yubordi, yaqinda u burnini plastik jarrohlikdan o‘tkazishiga to‘g‘ri kelsa kerak, o‘sib chiqmasligi uchun”.

Top