11:48 / 18.12.2015
3369

Turkiya Rossiyaning gaz embargosiga qarshi Isroil bilan aloqalarini yaxshilaydi

Ma'lumki, 2010 yili Turkiyaning “Moviy Marmara” kemasida Falastinga gumanitar yordam olib ketayotgan tinch aholi vakillari va jamoatchilik faollarining Isroil harbiylari tomonidan yoppasiga qatl qilinishi oqibatida ikki davlat orasidagi munosabatlarga keskin sovuqlik tushgan edi.

Turkiya matbuotining xabar qilishicha, kuni-kecha bu sovuqlikni o‘rtadan ko‘tarish maqsadida ikki davlat rahbariyatining vakillari muayyan bir kelishuvga erishgan.
Turkmanistonga tashrifi chog‘ida Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroil bilan munosabatlar yaxshilanishi uchun rasmiy Tel-Aviv uchta shartni bajarishi lozimligini aytgan edi.

Bu bayonotdan bir necha kun o‘tib Isroil rasmiylari muzokaralarga tayyorligi haqida ishora bergan. Natijada chorshanba kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Faridun Sinirlio‘g‘li Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning maxsus vakili Yozef Chexanover hamda MOSSAD rahbari Yossi Koenlar bilan Shveytsariyaning Tsyurix shahrida yashirin uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv kun tartibida beshta masala bo‘ldi:
- Isroil “Moviy Marmara”da halok bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga yordam ko‘rsatish fondiga 20 mln dollar ajratadi;
- Turkiya va Isroil bir-birining hududida favqulodda va muxtor elchilarini tayinlab, o‘zaro manfaatli diplomatik aloqalarni qayta tiklaydi;
- Turkiya “Moviy Marmara” qatliomining ijrochilari bo‘lmish isroillik askarlarning jazoga tortilishi ta'minlangan taqdirda boshqa da'volarini bekor qiladi;
- Istanbulda yashirinib kelayotgan HAMAS harbiy qanoti rahbarlaridan biri Saloh Aruriy Turkiyadan chiqarib yuboriladi, HAMASning Turkiyadagi aktivlari muzlatib qo‘yiladi;

- Ushbu shartnoma imzolanganidan so‘ng Turkiya va Isroil tabiiy gaz konlarida hamkorlik qiladi. Turkiya Isroildan tabiiy gaz sotib oladi. Isroil gazi Turkiya orqali Yevropaga chiqariladi.
“Muzokaralar davom etmoqda. Kelishuv hanuz imzolanmadi. Balki yana bir bor uchrashuv talab etilar, ammo yangi bosqichga yaqinlashib qoldik”, - dedi uchrashuvga aloqador turkiyalik diplomatlardan biri.

Eldor Asanov tayyorladi

Top