23:36 / 19.12.2015
19352

Toshkentda o‘tgan "Qorilar musobaqasi" g‘oliblari nomi ma'lum bo‘ldi

Vatanimiz mustaqillikka erishib, erkimiz o‘z qo‘limizga qaytgandan so‘ng ko‘plab yo‘nalishlarda islohotlar olib borilmoqda. Xususan, mustaqillikdan buyon har yili Qur'oni karimni to‘liq yodlash va uni go‘zal tilovat qilish yo‘nalishlarida Respublika miqiyosida “Qorilar musobaqasi” o‘tkazib kelinmoqda. Haqiqatdan ham, bu ish va islohotlar go‘zal va xayrli ishlar sirasidandir. Zero, Alloh taolo kalomi sharifi “Mutoffifin” surasi 26-oyatida marhamat qilib aytganidek: “...Bas, musobaqachilar shu (ne'matlar) yo‘lida musobaqa qilsinlar!”.

Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutida ham har yili Respublika miqiyosida o‘tkaziladigan mazkur musobaqaga yo‘llanma beruvchi “Qorilar musobaqasi”ni o‘tkazish an'anaga aylangan. Joriy 2015 yil 19 dekabr kuni institut talabalari o‘rtasida “Tahfizul-Qur'on” kafedrasi tashabbusi bilan Qur'oni karimning “murattab” (ya'ni, Qur'onni to‘liq yod olganlar) hamda “mujavvid” (ya'ni, Qur'onni to‘g‘ri, go‘zal va ravon o‘qish) yo‘nalishlarida “Qorilar musobaqasi” o‘tkazildi. Musobaqa yakuniga ko‘ra quyidagi talabalar mutloq g‘olib hamda Respublika miqiyosida o‘tkaziladigan navbatdagi musobaqaga yo‘llanma sovrindorlari deb topildilar.

Murattab qorilar yo‘nalishida 3 kurs talabasi Mahmudov Muhammadyahyo, mujavvid qorilar yo‘nalishida esa 3 kurs talabasi Muhibbullayev Saidmuhammad mutloq g‘olib deb topildilar.

“Tahfizul-Qur'on” kafedrasidan esa murattab qorilar yo‘nalishida 1 kurs talabasi Nuriddinov A'loxon, mujavvid qorilar yo‘nalishida esa 3 kurs talabasi Xidirboyev Husan mutloq g‘olib bo‘ldilar.

Murattab qoriyalar yo‘nalishida 2 kurs talabasi Saydullayeva Nazokat, mujavvid qoriyalar yo‘nalishida esa 1 kurs talabasi Sattorova Soliha g‘olib bo‘lishdi.

Musobaqaga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ta'lim bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mudiri Tursunov Abdulhamid domla, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta'lim bo‘limi mudiri Akbar Do‘stmatov, institut o‘qituvchi hamda xodimlari va boshqa mehmonlar tashrif buyurishdi.

Musobaqa so‘ngida g‘oliblarga diplomlar va qimmatbaho sovg‘alar taqdim qilindi.

Jaloliddin Hamroqulov / Muslim.uz

Top