13:50 / 19.12.2015
17642

Xitoy matbuoti Rossiyani keskin tanqid ostiga oldi

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevning Xitoyga safari yakunlanishi bilan “Sinxua” davlat agentligi Rossiya iqtisodiyotining ahvoli haqida keskin tanqidiy maqola e'lon qilib, uni jahonning asosiy yangiliklari qatorida joylashtirdi. Xitoy rasmiy axborot kanallarining bunday harakati rossiyalik jurnalistlarga tushunarsiz tuyuldi.
Maqolada aytilishicha, Rossiya siyosati strategik boshi berk ko‘chaga, iqtisodiyoti esa tizimli inqirozga kirib qolgan, va bundan chiqish oson bo‘lmaydi.

“Rossiya qiyin davrdan o‘tmoqda, - deyiladi maqolada. – Neft dollarlari, ilgarigidek, iqtisodiyotning muhim tarkibiy qismini tashkil etadi. Iqtisodiy rivojlanish vazirligining hisob-kitoblariga qaraganda, neft narxi 40 dollar bo‘lgan taqdirda mamlakatda YaIM 5 foizga tushib ketadi. Moliya vazirligining fikricha, byudjyet bunda 3 trln rubl kamomad ko‘radi. Ammo eng jiddiy tahdid bunda emas. Tahlilchilarning fikricha, Rossiyada 2014-2015 yilda iqtisodiy beqarorlikning kuzatilishi 2012 yildayoq boshlangan struktur inqiroz bilan bog‘liqdir. Uning mohiyati iqtisodiyot deindustrializatsiyasi hamda qishloq xo‘jaligining tushib ketishidadir, inqiroz tugaganidan so‘ng esa odatda sanoat va agrar sektorni darhol yaxshilab bo‘lmaydi”.
Bu maqola Medvedev Xitoy rahbariyati bilan kelisha olmaganini ko‘rsatadi, deb hisoblaydi RF FA Uzoq Sharq instituti direktori o‘rinbosari Andrey Ostrovskiy.
“Medvedevni qabul qilishdi, qornini to‘ydirishdi, ekskursiyalar o‘tkazishdi, shu bilan bo‘ldi. Endi xitoyliklar yozmoqda: “Mamlakatingizda nima bo‘layotganiga qarang. Bizda xitoycha orzu bor, sizda nima bor?”. Xitoy so‘ramoqda: “Biz bilan qanday hamkorlik qilmoqchisiz?”. Barcha taxminlarga ko‘ra biz “Hech qanday” deb javob bermoqdamiz, - ta'kidladi mutaxassis”.

“Agentlik (“Sinxua”) biz Pekinga yolg‘on gapirayotganimizni aytdi. Xitoy faqat kuchli va mas'uliyatlilar bilan ish ko‘radi. Hozir ular Rossiyada nimalar bo‘layotganini tushunib turganlarini ko‘rsatishdi”, - so‘zida davom etdi Ostrovskiy.
Shu bilan birga, uning fikricha, Rossiya xalqiga nisbatan Xitoyning munosabati yaxshi.

“Xitoyliklar bizning xalqimizni hisobdan chiqarmayapti. Ular faqat Medvedev va hukumatni hisobdan chiqarmoqda”, - ishontirib aytdi ekspert.

Eldor Asanov tayyorladi

Top