13:38 / 21.12.2015
9694

Prezident 2016 yilga davlat dasturining vazifalarini belgilab berdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov 10 dekabrdagi farmoni bilan 2016 yilgi “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi realizatsiyasida inobatga olinishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Asosiy vazifalardan biri sifatida oilani, onalik va bolalikni himoya qiluvchi qonunchilik va me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish ko‘rsatildi. Qonunchilikda ayollarning huquqlari himoya qilinishini, ularning sog‘lom avlod tarbiyalashdagi rolini, oila institutini mustahkamlashni ko‘rsatib berish talab qilinadi.

Shuningdek, onalik va bolalikni himoya qilish, ularning sog‘lig‘ini ta'minlash uchun zaruriy ijtimoiy, maishiy va tibbiy shart-sharoitlarni yaratish muhim ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu esa, o‘z navbatida, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi va kadr salohiyatini o‘stirishni, aholining tibbiy madaniyatini oshirishni, yoshlar orasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishni taqozo qiladi.
Shuningdek, dasturda oilalarda sog‘lom ma'naviy muhitni yaratish, maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘ini rivojlantirish singari vazifalar ko‘zda tutilgan. Eng muhimi – qizlar va ayollarning huquqlari inobatga olingan, ya'ni bo‘lajak onalarning aqlan va jismonan sog‘lom bo‘lib o‘sishlarini ta'minlash, kollejni bitirayotgan qizlarni ish bilan ta'minlash singari masalalar ko‘tarilgan.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturini ishlab chiqish va realizatsiya qilish bo‘yicha respublika komissiyasiga mamlakat bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev boshchilik qilmoqda.

Top