19:02 / 22.12.2015
5128

2016 yilda Samarqand viloyatining 36 ta qishloq massivlarida 1327 ta namunaviy uylar quriladi

«Qishloqqurilishinvest» injiniring kompaniyasi Samarqand filialidan olingan ma'lumotlarga qaraganda, viloyatning 36ta qishloq massivlarida 1327 ta yakka tartibdagi namunaviy uy-joylar qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda «Zarafshon» gazetasiga tayanib, UZ24 xabar bermoqda.

Jumladan, Oqdaryo tumanida 272 ta, Samarqand tumanida 269 ta, Past Darg‘om tumanida 150 ta, Tayloqda 120 ta, Urgutda 110 ta, Ishtixonda 75 ta, Jomboyda 70 ta, Narpay, Kattaqo‘rg‘on va Payariq tumanlarida 50 tadan, Paxtachida 31 ta, Qo‘shrabotda 30 ta, Nurobod hamda Bulung‘ur tumanlarida 25 tadan uch, to‘rt va besh xonali uylar quriladi.

Ayni kunlarda har bir massivning bosh rejasi ishlab chiqilib, tanlov savdolari o‘tkazilmoqda. Mahalliy hokimliklar tomonidan 2016 yil dasturiga asosan qurilishi rejalashtirilgan uy-joylar uchun xaridorlardan boshlang‘ich badallar yig‘ilmoqda.

Bunday zamonaviy uy-joylar quriladigan hududlarning infratuzilmasini yaxshilash, yangi xonadon egalari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida kommunikatsiya tarmoqlari, sport maydonchalari, maishiy xizmat ko‘rsatish va savdo komplekslari bunyod etiladi. Uylar tarkibidan dahliz, mehmonxona, yozgi ayvon, oshxona, hammom, kattalar va bolalar uchun yotoqxona joy egallaydi. Hovlida esa xonadon sohiblari uchun kerakli barcha shart-sharoitlar muhayyo qilinadi. Mukammal loyiha asosida bunyod etilgan uylar joy egallagan ko‘chalarda gulzorlar, ravon yo‘llar barpo etiladi, manzarali daraxtlar o‘tqaziladi, tungi yoritgichlar o‘rnatiladi.

Ma'lumot uchun, 2015 yil viloyatning 37 massivida namunaviy loyihalar asosida 1235 ta uy-joylar qurilishi belgilangan. Ayni kunlarda mazkur uy-joylarning aksariyati o‘z egalariga topshirilib, ayrimlarida ishlarni yil oxirigacha yakunlash maqsadida pardozlash ishlari olib borilmoqda.

Top