14:24 / 22.12.2015
2782

Ahrol Inoyatov Oliy liga jamoalari o‘yinlarining videoyozuvlari sifatidan nolidi

PFLda yil yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda "Kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash qo‘mitasi" rahbari Ahrol Inoyatov chiqish qildi va klublar tomonidan yo‘llanayotgan video sifatiga e'tiroz bildirdi.

"Klublar bizga yuborayotgan videolarning sifatini yaxshilanglar. Siz berayotgan videoda bahsli vaziyatlar ko‘rinmay qolyapti. Goh uzoqdan tasvirga olinsa, gohida operator mutlaqo boshqa tomonni videoga olgan bo‘ladi. Mana shunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmasin. Ikki yildan buyon o‘tkazilayotgan barcha o‘yinlar diski bizda bor. Biz bu videolarga asoslanib xulosa chiqarishimiz kerak. Siz esa mas'uliyatsizlik qilmoqdasiz. Jizzaxdan o‘yin diskini haftalab kutamiz. Namangandan keladigan video sifati esa juda yomon", deya Inoyatovning so‘zlaridan iqtibos keltiriladi uff.uz saytida.

"Biz hammasini ko‘rib turibmiz. Futbolchilaridan tortib, hakamlar va nazoratchilar bilan ham gaplashib turibmiz. Futbolchilar o‘zlari bizga qo‘ng‘iroq qilib, nimalar bo‘layotganini aytib turibdilar. Har bir o‘yin nazorati bizning qo‘limizda", - deb davom etgan Ahrol Inoyatov.

Top