22:22 / 22.12.2015
5138

Baxtiyor Qosimov: teatr o‘zgarib ketdi

Shakllanib qolgan an'anaga ko‘ra, ustoz san'atkorlar OAV orqali milliy san'at, xususan, kino va qo‘shiqchilikdagi kamchiliklarni tanqid ostiga olib chiqmoqda. Lekin O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Baxtiyor Qosimov “Bekajon” gazetasiga bergan intervyusida nafaqat yosh aktyorlar va xususiy kinostudiyalarni, balki teatrni ham tanqid ostiga oldi.

“1993 yilda teatrdan o‘z xohishim bilan ketganman, — gap boshladi u. — Ketganimning sabab shuki, teatr o‘zgarib ketdi. Tushlarimga kirib chiqaverdi. Oxiri bo‘lmadi. Hech kim taklif etmasa-da, teatrga yana qaytib bordim. Hamma spektakllarni ko‘rdim. Avvalgidek muhit yo‘q edi, oldingi teatr, oldingi spektakllar yo‘q”.

Teatrdan so‘ng boshlangan kinokarerasi haqida gapirarkan, san'aktor uning kamchiliklarini aytib o‘tishni unutmadi.

“Rejissyorlikka, aktyorlikka aloqasi bo‘lmagan odamlar ham kinoga kirib kelishdi, — dedi u. — Xususiy filmlarda juda kam o‘ynaganman. Stsenariy yuragimni jiz ettirmasa, hech qachon suratga tushmayman. Xususiy kinoda rejissyora kuchli emas, ssenariylar judayam bo‘sh. Ko‘p filmlar bir-birini takrorlaydi”.

Baxtiyor Qosimov bugungi yosh aktyorlar va rejissyorlarga nima yetishmayotganini aytib o‘tdi: “Ularda dard yetishmayapti, zavq yetishmayapti! Birinchidan, bugun yaxshi rejissyorlar judayam kam. Rejissyorlarning o‘zi bilimli bo‘lmasa, kitob o‘qimasa, qanday qilib kuchli filmlar ishlaydi? Ikkinchidan, rejissyor aktyorlar bilan pishiq-puxta ishlashi kerak. Mana, Erkin Komilov nega zo‘r aktyor bo‘lib yuribdi? Rollari bir-birini takrorlamaydi, har bir rolida dard bor, zavq bor. Nega bugun Erkin Komilovdek aktyorlar yo‘q? Chunki bu buyuk san'atkor Shukur Burxonning maktabida tahsil olgan, tarsakisini yegan, yolg‘on rol o‘ynashni or deb biladi. Ustoz ko‘rmagani uchun ham yosh aktyorlarimiz o‘zlarini kuchli deb biladi. Rollarini shoshib o‘ynab berishadida, yo telefon bilan band bo‘lishadi, yo yugurib to‘yga ketishadi. Bu holda qanday qilib yaxshi rol chiqarib berish mumkin? O‘zlaridan yoshi ulug‘ aktyorlarni nazar-pisand qilishmaydi. Teatr va kino san'ati darg‘alarining ismi-shariflarini aytib berisholmaydi. O‘ttiz-qirqta rol ijro etib qo‘ydim, deyishadi. Soni bor, salmog‘i yo‘q!”.

Aktyor bugun ishlanayotgan seriallar haqida ham yuqori fikrda emasligini tan oldi: “Bunday filmlar, seriallar reja asosida ishlanayapti. Chet ellarga olib chiqishi mo‘ljallanayotgan bo‘lishi ham mumkin. Ammo mavqei, saviyasi sifatsiz bo‘lgan bu seriallarni chet el tomoshabini qanday qabul qilarkan?”.

Baxtiyor Qosimov til masalasini ham e'tibordan chetda qoldirmadi.

“Adabiy tilimizni yo‘qotib qo‘yyapmiz, — dedi u. — “Bormovotti, kemavotti” degan so‘zlar qayerdan kirib kelayapti? Bunday so‘zlar shevalarda ham yo‘q! Shu tarzda ketaversak, o‘n besh-yigirma yildan keyin tilimizni yo‘qotib qo‘yamiz-ku! Tilning buzilib borayotganligi haqida ko‘proq bong urishimiz kerak. Yaqinda Madaniyat va san'at instituti talabalari qisqa metrajli filmlar ishlashibdi. Televizorda ko‘rdim.

Ishonasizmi, birortasi yuragimni jiz ettirmadi. Rejissura yo‘q! Aktyor bilan ishlashda rejissura oqsayapti. Dublyajda ham mahorat yo‘q, til yo‘q. Axir g‘oyani chiqarib beradigan aktyor-ku! Bu haqda kimlar jiddiy bosh qotiradi, bilmayman. Televideniyeda, radioda gapirilayapti, lekin foydasi bo‘lmayapti”.

Top