11:49 / 22.12.2015
6736

Benites "Real"ga "Barselona"ning sobiq futbolchisini olib kelmoqchi

"Real" jamoasi "Chelsi"ning ispaniyalik yarim himoyachisi Sesk Fabregasga qiziqish bildirmoqda. fichajes.com nashrida yozilishicha, 28 yoshli bu xavbekni "Real" bosh murabbiyi Rafael Benites jamoaga olib kelish uchun jiddiy harakat qilmoqda.

2010 yilgi jahon chempioni 2014 yilda "Real"ning ashaddiy raqibi "Barselona" safidan "Chelsi"ga o‘tgandi. Fabregas futbol olamida Londonning boshqa bir jamoasi "Arsenal" safidagi ishtiroki bilan tanilgandi.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, bu futbolchining transfer qiymati 50 million yevroni tashkil qiladi. Uning "Chelsi" bilan amaldagi shartnomasi 2019 yilning 30 iyuniga qadar tuzilgan.

Fabregasning Angliyadan ketish qarorini qabul qilishida "Chelsi" muxlislarining unga bo‘lgan yomon munosabati muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Muxlislar u va boshqa bir ispaniyalik futbolchi Diyego Kostani Joze Mourinoning "Chelsi"dan bo‘shatilishidagi asosiy sababchilar sifatida ko‘rishib, ularga noroziliklarini keskin tarzda (hushtakbozliklar) ifodalashmoqda.

Ma'lumot uchun, Fabregas "Chelsi"dagi ilk mavsumida 34 o‘yin o‘tkazib, 3ta gol urgan va 19ta golli uzatma muallifi bo‘lgandi. Joriy mavsumda esa u kutilgan natijalarni qayd etmadi - 17ta o‘yinda 2ta golli pas.

Bundan oldinroq, "Chelsi" "Real"ning kolumbiyalik yosh futbolchisi Xames Rodrigesni transfer qilish niyatida ekani haqida xabar berilgandi.

Top