19:26 / 22.12.2015
5195

BMT: Minglab suriyalik bolalar fuqaroliksiz qolishi mumkin

2015 yil boshidan buyon Yevropaga O‘rta Yer dengizi orqali qariyb 1 million muhojir kirib kelgan bo‘lib, ulardan 500 mingdan ko‘prog‘i suriyaliklardir. Bu haqda BMT qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissari Antonio Guterresh ma'lum qilgan.

Muhojirlik bo‘yicha xalqaro tashkilot xabariga ko‘ra ham 2015 yil boshidan buyon Yevropaga milliondan ortiq muhojir kirib kelgan.

Guterreshning ta'kidlashicha, 1200 nafar suriyalik muhojirlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijasida, ularning 86 foizi o‘rta ma'lumotga egaligi, qariyb yarmi oliy ma'lumotli ekanligi ma'lum bo‘lgan. Bu esa kelgusida Suriyani qayta tiklashda qanday jiddiy muammolarni keltirib chiqarishidan dalolat berayotganini anglatadi.

Jahon banki ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda Iordaniya va Livan hududidagi suriyalik qochqinlarning 90 foizi qashshoqlik sharoitida yashamoqda.

"Turli sabablarga ko‘ra ularga ish topilmaydi. Qochqin oilalar farzandlarining yarmidan ortig‘i maktab ta'limisiz o‘smoqda", deydi Gutteresh.

"Suriyalik qochqinlarning aksariyatida hech qanday hujjat yo‘q, ular ro‘yxatdan ham o‘tishmagan. Ular ayni paytda juda qaltis ahvolda. Minglab suriyalik bolalar kelajakda fuqaroliksiz qolishi mumkin.

Begona yurtda rasman ishga joylashish imkoniyatidan mahrum qochqinlarning ahvoli nihoyatda zaif. Ular boshqa davlatlardan ko‘rsatiladigan gumanitar yordamga qarab qolishgan. O‘z oilasini boqish uchun qarz olishdan boshqa choralari yo‘q.

Hozirgi sharoitda Suriya oilalarida tarbiya topayotgan bolalarning yarmi maktabga boradi. Ko‘plab murg‘ak qalblar ish qidirishga majbur, qiz bolalar esa erta turmushga berilmoqda. Bu ketishda, Suriyalik oilalarda voyaga yetayotgan minglab bolalar kelajakda fuqaroliksiz qolishlari mumkin”, deydi Guterresh.

Gumanitar masalalari bo‘yicha BMT Bosh kotibi yordamchisi Kyung-va Kang fikricha, Suriya aholisining yarmidan ko‘pi mamlakatdagi mojaro tufayli o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lishgan. 6 millionga yaqin kishi mamlakat ichida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, 4 million kishining mamlakatdan qochishdan o‘zga iloji qolmagan.

Top