16:42 / 22.12.2015
4022

Nikolas Keyj Mo‘g‘ulistondan topilgan dinozavr bosh suyagini mo‘g‘ullarga qaytarib beradi

Amerikalik aktyor Nikolas Keyj AQSh hukumatiga auksion savdolarida 276 ming dollarga sotib olgan dinozavr bosh suyagini qaytarib berishga rozilik bildirdi. Aslida o‘g‘rilangan bo‘lgan mazkur noyob yodgorlik u topilgan Mo‘g‘ulistonga qaytarib beriladi, deya xabar tarqatmoqda Reuters.

O‘tgan haftada Manhetten prokuraturasi tarbozavr bosh suyagini Mo‘g‘ulistonga qaytarish bo‘yicha da'vo arizasini ko‘rib chiqqan. Hujjatlarda Keyj mazkur topilmaning egasi ekani ko‘rsatib o‘tilmagan. Biroq aktyorning vakili uni 2007 yilning martida Beverli-Xillzdagi (Kaliforniya shtati) I. M. Chait galereyasi vaqtida sotib olinganini tasdiqladi. Shu bilan birga uning haqiqiyligini tasdiqlovchi sertifikatni ham qo‘lga kiritgan.

2014 yilning iyulida AQSh milliy xavfsizlik vazirligi aktyorni u sotib olgan bosh suyagi o‘g‘rilangan bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Keyinchalik mazkur noyob topilma noqonuniy ravishda AQShga olib kelingani aniqlandi va Keyj uni qaytarib berishga rozilik bildirdi.

Aktyorga qandaydir huquqni buzganligi to‘g‘risida ayblovlar qo‘yilmagan.

Reuters boshqa manbalarga tayanib aniqlik kiritishicha, Keyj ushbu topilmani qo‘lga kiritishda boshqa bir aktyor Leonardo Di Kaprio bilan kurashishiga to‘g‘ri kelgan. Agentlik shuningdek I. M. Chait galereyasi bir safar noqonuniy yo‘l bilan olib kirilgan dinozavr ustixonini sotganini, galereya sotiladigan buyumlar uchun kafillik bermasligini eslatib o‘tgan.

Top