16:06 / 23.12.2015
7362

OAV: Istanbul aeroportidagi portlash minomyotdan o‘qqa tutish natijasida ro‘y bergan

Istanbuldagi Sabihi Go‘kchen aeroportidagi portlash minomyotdan o‘qqa tutilish natijasida ro‘y bergan bo‘lishi mumkin, xabar qiladi RIA Novosti nashri Haberturk portaliga tayangan holda.

Bundan sal oldinroq, Istanbul gubernatori Vosip Shohin chorshanbaga o‘tar kechasi Sabihi Go‘kchen aeroporti turargohida portlash yuz bergani, portlash sabablari noma'lumligicha qolayotganini ma'lum qilgan edi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, hodisa ro‘y bergan vaqtda samolyot yaqinida bo‘lgan ikki nafar farrosh og‘ir tan jarohati olgan. Ulardan biri, boshidan jarohat olgan 30 yoshli Zuhra Yamach shifoxonada vafot etgan.

NTV telekanali aeroport binosining uchish zalida bo‘lgan uchuvchilarning gapiga tayangan holda, aeroportda bir emas, uchta portlash ro‘y berganligi haqida ma'lum qilmoqda.

Politsiyachilar sodir etilgan portlash terakt natijasi bo‘lishi mumkin, degan taxminni inkor etishmayapti. Hozirda aeroportda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Voqea joyida politsiyachilar guruhi ishlamoqda. Aeroport hududida transport nazorati kuchaytirilgan. Shuningdek, Istanbuldagi Otaturk aeroportiga ham tekshiruv uchun politsiyachilar guruhi yuborilgan.

Top