02:13 / 23.12.2015
4198

Xodorkovskiyni “Otkrytaya Rossiya” idorasidagi tintuvlar “kuldirdi”

YuKOS kompaniyasining sobiq rahbari Mixail Xodorkovskiy 22 dekabrda “Otkrytaya Rossiya” tashkiloti idorasi va xodimlari uylari tintuv qilinganiga izoh berib o‘tdi.

“Men buni ayniqsa “Otkrytaya Rossiya”ning hozirdagi birorta xodimi yoki faoli YuKOSda ishlamagani hisobga olinsa, kulgili deb hisoblayman. Ulardan ba'zilari 1993 yilda umuman yosh bola bo‘lgan”, deb aytdi Xodorkovskiy. Xodorkovskiy tintuvlarga kuch bilan qarshilik ko‘rsata olmasligini ta'kidlab o‘tdi: “Men qurollangan odamlarga qarshilik ko‘rsata olmayman”. Uning aytishicha, “Otkrytaya Rossiya” bu ish bilan bog‘liq voqealarni faqatgina yorita oladi, ular haqida jamoatchilikka xabar beradi, xolos.

Xodorkovskiy tomonidan tashkil etilgan jamg‘armaning 7 xodimi kvartiralarida tintuv 22 dekabrda ertalab o‘tkazildi. Rossiya Tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Vladimir Markin ushbu tintuvlar YuKOSning asosiy ishi deb nomlangan ish doirasida o‘tayotganini aytgan.

“Otkryta Rossiya” faollari ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirgan tergov qarorida aytilishicha, tergov harakatlari davlatga mulkiy zarar yetkazilishi holati bo‘yicha 2003 yilning 20 iyunida qo‘zg‘atilgan jinoiy ish sababli o‘tkazilmoqda.

Top