20:51 / 23.12.2015
28017

Yulduz Usmonovaning yangi albomi taqdimotidan reportaj

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova 2015 yilda ham odatga ko‘ra yil so‘ngida o‘zining yangi musiqiy albomi taqdimotini o‘tkazdi.

Bu uning 30 yillik ijodiy faoliyatidagi 60-musiqiy albomi taqdimoti bo‘ldi.

22 dekabr kuni Toshkentdagi “Navro‘z” restoranida o‘tkazilgan taqdimotga elning suyukli xonandasi o‘zining muxlislarini taklif etdi. Muxlislar konsert dasturiga aylangan bu taqdimotni tekinga tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldi. 

Marosimga taxminan mingga yaqin tomoshabinning tashrifi kuzatilgan. Ular orasida oddiy muxlislardan tashqari o‘zbek san'ati olamining ko‘zga ko‘ringan namoyondalarini uchratish mumkin edi.

Kun.uz sayti vakillari bu taqdimot joyiga tashrif buyurishdi va jarayonni kuzatib borishdi.

Xususan, xonandaning hamkasblari va do‘stlari bo‘lmish O‘zbekiston xalq artistlari G‘ulomjon Yoqubov, Obid Asomov, Muqaddas Xoliqova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Saida Rametova, Zuhra Ashurova, Rashid Xoliqov, xonandalar Shahzoda, Dildora Niyozova, Munisa Rizayeva, aktrisalar Nigora Karimboyeva, Shahzoda Matchonova va boshqalar yangi qo‘shiqlarning ilk tinglovchilari qatorida bo‘lishgan.

Taqdimot marosimida Otabek Tojiboyev va Nilufar Sotiboldiyeva boshlovchilik qilishdi.

Sahnaga dastlab simfonik orkestr va Yulduz Usmonovaning sozandalari chiqib kelishgan. Sahnani to‘ldirgan sozandalar guruhi Yulduz Usmonovaning repertuaridagi eng ommalashgan qo‘shiqlar – “Mayda-mayda”, “Oqqina olma” qo‘shiqlari musiqasini “poppuri” ko‘rinishida havola etishdi. So‘ngra sahnada kechaning asosiy qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova paydo bo‘ldi. Xonanda muxlislari qarshisiga “Yoring bo‘lay” deb nomlangan yangi qo‘shig‘i bilan peshvoz chiqdi.

Biroz oldinroq, internet saytlarida tarqala boshlagan “Musofirlik nonin yeganlar” nomli qo‘shiq kuylanishi boshlanganda bu qo‘shiq barchaning qalbini zabt etganiga guvoh bo‘lish mumkin edi.

Dasturning birinchi qismi tugab, xonanda tanaffusga chiqqanida esa sahnaga Yulduz Usmonovaning ustozlari bo‘lmish O‘zbekiston Respublikasi san'at arbobi Temur Mahmudov va O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi professori Avaz Mansurov taklif etildi. Ular o‘z shogirdlari haqida iliq fikrlar bildirib, unga o‘z tabriklarini izhor qilishdi.

Ushbu dasturdagi e'tiborga molik jihatlardan biri alohida qo‘shiqlarda alohida raqqosalar guruhlari, turli raqs to‘garaklari vakillari bo‘lgan raqqosalarning ishlagani bo‘ldi.

Xonanda dastur davomida ijro etilgan 15ta yangi taronasidan tashqari "Bormikan" va "Burgutlar" nomli qo‘shiqlarini yangicha talqinda kuyladi.

Albomga nom sifatida tanlangan “Men sen bilan qirolichaman” qo‘shig‘ini u o‘z qizi Nilufar Usmonova bilan duet tarzida kuyladi.

Qo‘shiq so‘ngida Yulduz Usmonova qiziga oq yo‘l tilar ekan, “Uyda farzandim bo‘lganing bilan ko‘chada Nilufar Usmonovasan. Xalqqa sidqidildan xizmat qilgin”, deya nasihat qildi.

Xonanda turmush o‘rtog‘iga atab "Yo Mansur" nomli sho‘x taronani ijro etgan.

U sahnadaligi vaqtida oyoq kiyimlarini yechib tashladi. Xonanda bu harakatini sahnada o‘zini uydagidek qulay his qilishi bilan izohladi.
"Dehqon uchun yer qanday muqaddas bo‘lsa, sahna san'atkor uchun shunday maqomda bo‘lishi kerak", degan Yulduz Usmonova.

Xonanda sahnada nafaqat yangi qo‘shiqlarini, balki 30 yillik ijodidagi eng xit taronalarni ham taqdim etdi.

Discovery kompaniyasi tomonidan sotuvga chiqarilgan yangi musiqiy albomdan xonandaning 17ta yangi qo‘shig‘i o‘rin olgan.

Kun.uz sayti xodimlari bu dasturdan katta qanoat va tassurotlar bilan qaytishdi. Bir so‘z bilan aytganda, "ustasi baribir usta".

Dasturdagi barcha ishlar, xonandaning yondoshuvidan tortib boshqa barcha tashkiliy masalalar a'lo darajada o‘rinlatib qo‘yilgan. Jarayondagi birgina ko‘ngilni xira qilguvchi holat esa dasturning yakunlovchi qo‘shig‘i ijro etilayotgan vaqtda zalning asosiy qismi bo‘shab qolgani bo‘ldi, ya'ni kelguvchilar oxirgi daqiqalargacha kutmasdan dastur bo‘lib o‘tgan zalni tark etib ketishdi. Buni xonandaga ham, uning vatan haqida aytgan qo‘shig‘iga ham hurmatsizlik deb baholash mumkin. Holbuki, bu tomoshabinlar xonandaning shaxsan tashabbusi bilan kecha davomida tekinga hordiq olishdi. Ya'ni dastur uchun chiptalar sotilmadi, balki taklifnoma ko‘rinishida tarqatilgandi.

Qayd etish kerakki, bunday xunuk manzara birinchi marta kuzatilmayapti, bundan boshqa konsertlarda yoki spektakllarda ham tomoshabinlarning yakunda tadbir hududini shoshilinch tarzda tark etishga tushishi odatiy holga aylangan.

Madaniyat olamidagi bunday madaniyatsizlik holatlari barham topishiga umid qilamiz.

Xonandaga esa yanada yuksak ijodiy parvozlar tilab qolamiz.

Suratlar Kun.uz sayti uchun maxsus Muzaffarshax tomonidan olindi.

Top