18:27 / 24.12.2015
5907

O‘zbekiston yo‘llarida o‘n bir oy ichida 3 mln marta qoida buzildi

Yo‘l patrul xizmati inspektorlari tomonidan joriy yilning o‘tgan o‘n bir oyida 3 million 150 mingdan ortiq qoidabuzarliklar aniqlandi. Ularning 1 million 270 mingdan ko‘prog‘i qo‘pol qoidabuzarliklar hisoblanadi. Jumladan, alkogol mahsulotlarini iste'mol qilgan holda transport vositasini boshqarish bo‘yicha 43 ming, belgilangan tezlik talablarini buzish – 435 ming, svetofor va chorrahadan o‘tish qoidalarini buzish — 37 mingdan ortiq, odam tashish qoidalarini buzish bo‘yicha 455 mingdan ziyod holat aniqlandi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi YHXBB inspektori kapitan Azizxon Murodov bergan ma'lumotga qaraganda, 2015 yilning o‘tgan davri mobaynida yo‘l-transport hodisalarining 8588 tasi haydovchilarning aybi bilan, 203 tasi esa transport vositasini mast holda boshqargan haydovchilar aybi bilan sodir etilgan.

Bundan tashqari, piyodalar ishtirokida 4897 yo‘l-transport hodisasi ro‘yxatga olingan.
Sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalari oqibatida halok bo‘layotganlarning aksariyati tashxisi bosh miya ochiq va yopiq jarohati, ko‘krak qafasi jarohatlari bo‘lmoqda. Bunday jarohatlar keskin urilish yoki tormoz berish vaqtida haydovchi, oldingi o‘rindiqda o‘tirgan yo‘lovchining old oynaga boshi bilan urilishi, haydovchini rul chambaragi qisib qolishi oqibatida yuzaga keladi.

Top