00:41 / 24.12.2015
4352

Shri-Lanka chegarachilari yo‘lovchining to‘g‘ri ichagida oltin yombilar borligini aniqlashdi

Shri-Lanki chegarachilari to‘g‘ri ichagida har biri 100 gramm keladigan 4 ta oltin yombi aniqlangan erkakni hibsga olishdi. Bu haqda The Nation nashri xabar berdi.

42 yoshli gumonlanuvchi Kolombo shahridagi Bandaranayka aeroportida hibsga olindi. Aeroport xizmatchilari Singapurdan uchib kelgan yo‘lovchining g‘alati yurayotganiga e'tibor berishgan va uni tekshirib ko‘rishga qaror qilishgan. Erkak tekshiruvdan o‘tishga rozi bo‘lgan va o‘zini mamlakat vazirliklaridan birining xodimi sifatida tanishtirgan. Umumiy qiymati 14 ming dollarga yetadigan yombilarning kelib chiqishini erkak tushuntirib berishga qiynalgan. Yombilar olingan, tergov olib borilmoqda.

The South China Morning Post nashri ma'lumotlariga ko‘ra, Shri-Lankada yil boshidan beri oltin kontrabandasida gumon qilinib 70 dan ko‘proq odam qo‘lga olingan. Kontrabandachilar oltinni arzonroq bo‘lgan Dubay yoki Singapurda sotib olib, uni Hindistonda qimmatroqqa sotishga harakat qilishadi. Hindiston dunyoda eng yirik oltin iste'molchisi hisoblanadi, biroq u yerda oltinni chegaradan olib o‘tish uchun katta soliq to‘lanadi – 100 grammlik oltindan o‘ndan bir qismi (10 gramm) narxida davlat g‘aznasiga soliq to‘lanishi kerak.

Tahlilchilarning ma'lumotlariga ko‘ra, Hindiston yiliga 642 tonna oltin iste'mol qiladi. “Oxirgi oylarda oltin narxining pasayishi unga talabning oshishiga sabab bo‘ldi”, deb ma'lum qildi Hindiston moliya vaziri Jayyant Sinxa.

Top