15:37 / 24.12.2015
9325

TDAUda Qishloq xo‘jalik ekinlarini uyg‘unlashgan himoya qilishga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi

Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda Respublika o‘simliklarni himoya qilish va agrokimyo markazi tomonidan qishloq xo‘jalik ekinlarini zararkunanda, kasallik va begona o‘tlardan uyg‘unlashgan holda himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan Respublika o‘quv seminari tashkil etildi.

Unda soha mutaxassislari, olimlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar O‘simliklarni himoya qilish markazlari, tumanlar otryadlari, Respublika agrokimyo stansiyasi va uning hududiy agrokimyo stansiyalari hamda tuman agrokimyo laboratoriyalari, biolaboratoriyalar xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilishida ta'kidlandiki, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l va sifatli hosil yetishtirishda o‘simliklarni turli zararkunanda, kasallik va begona o‘tlardan himoya qilish muhim ahamiyatga ega.

Bugungi kunda dunyo bo‘yicha 80 ming turdan ortiq zararkunandalar mavjud bo‘lib, ulardan 10 ming turi o‘simliklarga juda katta zarar keltiradi. Hisob-kitoblarga qaraganda, jahonda har yili zararli organizmlar ta'siri oqibatida qishloq xo‘jalik ekinlarining 30 foizdan ko‘proq hosili nobud bo‘ladi.

Shu bois keyingi yillarda mamlakatimizda sohani rivojlantirish, bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga alohida e'tibor berilmoqda. Ayniqsa, zararli organizmlarga qarshi kurashda kimyoviy, biologik, agrotexnik va boshqa kurash usullarini uyg‘unlashtirib qo‘llashga katta e'tibor qaratilmoqda.

Jumladan, joriy yilda bu boradagi barcha tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 20 yanvardagi yig‘ilishining 06-03-39-3-sonli bayoni bilan tasdiqlangan “2015 yilda qishloq xo‘jaligi ekinlarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan uyg‘unlashgan himoya qilish Dasturi”ga muvofiq amalga oshirildi.

Bunda asosan atrof-muhit, inson va jonzotlar uchun bezarar bo‘lgan biologik kurash usulidan keng foydalanishga alohida e'tibor berildi.O‘quv-seminarda bir guruh soha mutasaddi va mutaxasislariga joriy yilda o‘simliklarni zararkunandalar, kasalliklar hamda begona o‘tlardan uyg‘unlashgan holda himoya qilish tadbirlarini samarali tashkil etishdagi xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘quv-seminarda o‘simliklarni zararkunanda, kasallik va begona o‘tlardan himoya qilish sohasida istiqbolda yangi kimyoviy vositalar, foydali hasharotlar, texnologiya va texnikalarni qo‘llash borasidagi istiqboldagi dolzarb vazifalar belgilab olindi.

Top