11:34 / 24.12.2015
4814

Ukraina muxolifati “Taqdir hazili” filmining man etilishidan norozi

Ukrainaning “Muxolif blok” partiyasi Ukrainada bir qator sovet davri filmlari, shu jumladan, “Taqdir hazili yoxud qushday yengil bo‘ling!” kartinasining taqiqlanishi munosabati bilan sudga da'vo arizasi kiritadi. Bu haqda partiyaning sayti orqali xabar qilindi.

“Muxolif blok Ukrainada sovet davrining mashhur filmlari bo‘lmish “Taqdir hazili yoxud qushday yengil bo‘ling!”, “Kavkaz asirasi”, “Gardemarinlar, olg‘a!”, “Katta tanaffus” va boshqalarning man qilinishini ahmoqlik deb baholaydi. Biz sudda aqldan ozgan madaniyat sohasi amaldorlarining bu ahmoqona qarori bilan bahslashmoqchimiz”, — deyiladi xabarnomada.

“Sovet filmlarini ko‘rib ulg‘aygan amaldorlar birdaniga ularning mamlakat milliy xavfsizligiga tahdid solayotganini payqab qolishdi”, — deb kinoya qiladi muxolifat vakillari.

Ilgariroq ma'lum bo‘lishicha, “Taqdir hazili” filmi Yangi yil arafasida Ukraina telekanallari orqali namoyish etilmaydi, negaki filmda o‘ynagan aktrisa Valentina Talizina Ukraina milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi shaxslar sanktsion ro‘yxatiga kiritilgan. Bundan tashqari, oktabr oyida Ukraina kino agentligi namoyishi man qilingan filmlar ro‘yxatini kengaytirdi.

Top