16:17 / 25.12.2015
20608

OAV: Nomi - go‘sht, o‘zi - suyak

Bugungi kunda go‘sht mahsulotlari sotilishida qassoblar va sotuvchilar yo‘l qo‘yayotgan ayblar “Oila davrasida” nashri yoritildi.
“Bozorga tushib, go‘shtlarni bir-bir ko‘zdan kechirasiz... O‘zingiz xohlagan bo‘lakni ko‘rsatsangiz, sotuvchi uni tarozi pallasiga qo‘yadi. Shu paytda mushtdekkina suyak ham yashin tezligida tarozi pallasidan joy oladi.

Sotuvchidan bunga izoh so‘rasangiz, «Aka, mol suyaksiz bo‘lmaydi-ku! Hamma joyda shunaqa», degan mujmal gap bilan qutuladi. Xaridor esa bu muammoga qanday yechim topishni bilmay, boshi qotadi”, - deb yozadi muallif.

Aslida bu o‘rinda sotuvchi bilan xaridor orasidagi muomalada qay biri haq? Bu masala qay tartibda hal etiladi? Uni tartibga soluvchi biron me'yoriy hujjat bormi?
Go‘sht mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi ayrim shoxobchalarda go‘sht tarkibidagi suyak ajratib olinadi hamda lahm go‘sht va suyak alohida-alohida narxlarda sotiladi.

Masalan, shu kunlarda lahm go‘sht 35 ming, undan ajratib olingan suyak esa 6 ming so‘mgacha savdoga chiqarilmoqda. Oddiy suyakli go‘shtning narxi esa 25-30 ming so‘m atrofida.
Bozorlarda esa vaziyat sal boshqacharoq. Ayrim sotuvchilar qoq suyakni o‘zini suyagi me'yorida bo‘lgan go‘shtga ham qo‘shib sotishadi. Lahm go‘sht 30-32 ming so‘m, har qanday go‘shtga suyak qo‘shib sotish esa 25-28 ming so‘m.

Bunda go‘shtga qo‘shib beriladigan qoq suyakning miqdori 100-250 grammgacha bo‘lishi mumkin.Shu tariqa, bozorda bir kilogramm go‘shtning o‘rtacha narxi 30 ming. Bir kilogramm qoq suyakning narxi esa 3 ming so‘m. Qoq suyak qo‘shib tortib berilgan 1 kilogramm go‘sht mahsulotining narxi 27 ming so‘m.

Uning tarkibidagi qoq suyakning miqdori 150 gramm. 1 kilogrammi 27 ming so‘m bo‘lgan go‘shtning 850 grammi 22 ming 950 so‘m. 150 gramm suyak esa 450 so‘m. Jami 23 ming 400 so‘m. Agar o‘sha 150 gramm suyakni ham go‘sht narxida hisoblasak, 4050 so‘mni tashkil qiladi.

“Demak, xaridor sotuvchining 23 400 so‘mlik mahsuloti uchun 27 ming so‘m pul to‘layapti. Nega? O‘rtadagi farq (3600 so‘m) qayoqqa ketyapti?”, - deb yozadi muallif.

Top