08:52 / 25.12.2015
7713

Durov Telegram foydalanuvchilari haqidagi ma'lumotlarni hukumatga berishdan bosh tortdi

Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov Internetni rivojlantirish instituti rahbari German Klimenkoning “Telegram yoki hukumatlar bilan hamkorlik qiladi, yoki yopiladi” degan so‘zlariga izoh berdi. Klimenko bu haqda “Dojd” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

“Telegram’dan AQShda ham, Fransiyada ham, Germaniyada ham kirish kodlarini berishni so‘rashadi, u yoki buni qiladi, yoki yopiladi”, deb aytgandi Klimenko. Biroq Durov Klimenkoning fikriga qarshi chiqmoqda.

“Prezidentning bo‘lg‘usi maslahatchisi mavjud bo‘lmagan xorijiy tajribaga tayanmoqda: Germaniyada ham, Fransiyada ham, AQShda ham muloqotning xavfsiz usullari taqiqlanmagan. Sababi oddiy: texnik tomondan barcha qonunga bo‘ysunuvchi fuqarolarning shaxsiy yozishmalarini xavf ostiga qo‘ymasdan faqatgina terrorchilarni xavfsiz muloqot qilishdan mahrum etib bo‘lmaydi”, deb yozdi Durov “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Durovning ta'kidlashicha, Rossiya sharoitlarida fuqarolarning shaxsiy yozishmalariga kirish ma'lum haq evaziga istalgan foydalanuvchini “tinglash” mumkin bo‘lgan “qora bozorning” vujudga kelishiga olib keladi. Uning aytishicha, Telegram uchinchi tomonlarga foydalanuvchilar haqidagi shaxsiy ma'lumotlar va shifrlash kalitlarini bermagan va bermaydi ham. Uning aytishicha, messenjerning bir yoki ikki bozorda to‘sib qo‘yilishi tahdidi Telegram’ning mahfiylik siyosatiga ta'sir qila olmaydi.

Top