12:01 / 25.12.2015
5953

Qoraqalpog‘istonda 23.5 mln so‘mlik pirotexnika vositalari noqonuniy ravishda saqlanayotgani aniqlandi

Yangi yil bayrami arafasida farzandlariga go‘yoki xursandchilik ulashaman degan kalta o‘y bilan pirotexnika vositalarini izlab qoluvchilar aslida farzandlarining salomatligi va jamiyat osoyishtaligini jiddiy  xavf ostiga qo‘yishadi. Qulay fursatdan foydalanib qolishga urinuvchi ustomonlar esa pirotexnika vositalarini yashirin ravishda olib kirishga urinishadi.

Pirotexnika vositalarini respublikamiz xududiga qonunga xilof ravishda olib kirish, sotish, saqlash va ulardan foydalanishning oldini olish borasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar xodimlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar davomida yil boshidan buyon 18 ta bojxona qonunbuzilish holatlari aniqlanib jami 36,6 mln. so‘mlik 30,7 ming dona pirotexnika vositalari ashyoviy dalil tariqasida olib qo‘yildi.

Jumladan, joriy yilning 11 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan olingan tezkor ma'lumotlar asosida fuqaro A.Qutlymuratovga (ismi-shariflar o‘zgartirilgan) tegishli garaj holislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, bu yerda qiymati 23.5 mln. so‘mlik og‘irligi 56kg.dan ortiq 5526 dona pirotexnika vositalari hech qanday hujjatlarsiz saqlanayotganligi aniqlandi. Mazkur holat jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, 2015 yil 22 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, “Almata-Nukus” yo‘lovchi poyezdining yo‘lovchisi, qo‘shni davlat fuqarosi M.Alimjonov bojxona ko‘rigidan omon-eson o‘tib olish va pirotexnika vositalarini sheriklariga qulay tarzda yetkazish maqsadida  qiymati 10 mln. so‘mlik 19,5 kg. og‘irlikdagi 25 ming dona pirotexnika vositalarini Nukus shahri hududida vagondan uloqtirib yuboradi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining 2010 yil 22 sentabrdagi “Pirotexnika buyumlari muomalasi tartibga solinishi munosabati bilan o‘zbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-261-sonli qonuni bilan pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o‘tkazish kabi qonunbuzarliklar uchun O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi  2501-modda hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 1851-modda bilan to‘ldirilib, qonunbuzarlarga nisbatan jazo choralari keskin kuchaytirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi
Axborot xizmati

 

 

 

Top