14:32 / 25.12.2015
4971

Suyultirilgan gaz bo‘yicha birja savdolari ishtirokchilariga soddalashtirilgan tartib o‘rnatildi

2015 yilning 21 dekabridan boshlab “O‘zbekiston respublika tovar xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan suyultirilgan gaz bo‘yicha birja savdolarida ishtirok etuvchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratildi. Bu haqda «O‘zRTXB» AJ matbuot xizmati xabar qildi.

Jumladan, birja mutaxassislari tomonidan «O‘zRTXB» AJ va “O‘zdavneftgazinspeksiya» o‘rtasida o‘zaro ma'lumotlar almashinuvi bo‘yicha elektron tizimi (modul) ishlab chiqilib, amaliyotgan joriy etildi. Mazkur dasturiy ta'minot tuzilgan birja bitimlari yuzasidan suyultirilgan gaz sotib oluvchilarining litsenziyasini birjaning savdo yakunlari reyestri bilan avtomatik tartibda tekshirish va solishtirish imkonini beradi.

Ilgari suyultirilgan gaz sotib olish bo‘yicha birja savdolarida ishtirok etadigan mijozlar birjaga avtomobillarga gaz quyish stansiyasi (AGQS) orqali suyultirilgan gaz sotish haqidagi litsenziyaning nusxasini (qog‘oz shaklida) taqdim etishlari lozim edi.

Birja savdolarida suyultirilgan gaz xaridorlari uchun soddalashtirilgan bu tartib broker va ularning mijozlariga operatsion xarajatlarni kamaytirish, birjaga taqdim etilayotgan litsenziya to‘g‘risida ma'lumotlarni tezkorligini oshirish va haqqoniyligini ta'minlash, hamda «O‘zRTXB» AJ makleriat ish jarayonini maqbullashtirish imkonini beradi.

Ma'lumot: “O‘zRTXB» birja savdolarida suyultirilgan gazni sotish tartibi” to‘g‘risidagi (Adliya Vazirligi tomonidan №2508 raqam bilan ro‘yxatga olingan 17.09.2013y.dagi) Nizomga asosan birja savdolarida suyultirilgan gazni tegishli litsenziyalar (Avtomobillarga gaz quyish stansiyasi (AGQS) orqali suyultirilgan uglevodorod gazni sotish uchun beriladigan VM litsenziyasi) asosida qayta sotish uchun xarid qiluvchi O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar birjada suyultirilgan gaz xaridorlari hisoblanadi.

Top