20:44 / 26.12.2015
4795

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK O‘zbekiston ichidagi reyslar uchun aviachiptalarga onlayn-buyurtma berish va sotish xizmatini ishga tushirmoqda

2016 yil 5 yanvardan “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi O‘zbekiston ichidagi mahalliy reyslar uchun aviachiptalarga onlayn-buyurtma berish (onlayn-bronlash) va sotish xizmatini ishga tushirmoqda. Endi, istalgan vaqtda uydan yoki idoradan chiqmay turib mustaqil ravishda aviachiptaga buyurtmani rasmiylashtirish mumkin.

Onlayn-bronlash jarayoni oddiy va tushunarli qilib ishlangan. Buning uchun www.uzairways.com manzili bo‘yicha aviakompaniya saytiga kiriladi. Xizmatga bosh sahifadagi “Chiptani sotib olish” tugmasini bosib o‘tish mumkin. Buyurtmani muvaffaqiyatli rasmiylashtirish uchun yo‘nalish va sanani, xizmat ko‘rsatish sinfini tanlash, tegishli ma'lumot – familiya, ism-sharif, pasport ma'lumotlari, aloqa uchun kontaktlar – telefon raqami va elektron pochtani taqdim qilish kerak. Xizmatga to‘lov SMS-xabar berish bank xizmatiga ulangan UzCard plastik kartasi orqali amalga oshiriladi.

Internet orqali bronlash va to‘lov muvaffaqiyatli amalga oshirilgan bo‘lsa, ko‘rsatilgan elektron pochta va mobil telefon raqamiga sizning safaringiz haqida to‘liq ma'lumotga ega elektron biletning yo‘nalish nusxasi va UzCard plastik kartasidan pul olingani haqida SMS-xabar keladi.

Aeroportda parvozga ro‘yxatdan o‘tayotganda elektron aviachiptaning nusxasi va shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport)ni taqdim qilish kifoya qiladi.

Internet orqali aviachiptaga buyurtma berish va unga haq to‘lash reysdan kamida 3 soatdan oldinroq amalga oshirilishi kerak.

Ushbu xizmatdan 18 yoshdan katta bo‘lgan O‘zbekiston rezidentlari foydalana oladilar.

Top