15:33 / 27.12.2015
11441

Tolibon IShIDga qarshi kurashda Rossiya bilan hamkorlik qilmasligini bildirdi

"Tolibon"ning ingliz tilida faoliyat ko‘rsatuvchi saytlaridan birida tashkilotning Rossiya TIV vakili Zamir Kabulov tomonidan ruslar va tolibonlar o‘rtasida IShIDning Afg‘onistondagi guruhlariga qarshi kurashda hamkorlik qilinishi bo‘yicha bergan bayonotiga munosabat bildirildi. Bu haqda Al Jazeera telekanali xabar tarqatgan.

"Biz muzokaralar olib borganimiz rost. Lekin gap IShIDga qarshi kurashda birgalikda harakat qilish haqida emas. Biz mamlakat hududidan barcha xorijiy harbiylarni chiqarib yuborishni maqsad qilganmiz", deydi "Tolibon" vakili.

Uning qayd etishicha, tolibonlarga IShIDni yengish uchun hech kimning yordami shart emas. U mamlakat shimolidagi Nangarhar viloyati hududida "bir hovuch" jangarilar joylashgan va ular tahdid solar darajada kuchli emas.

23 dekabr kuni Rossiyaning Afg‘oniston masalasidagi maxsus vakili, Rossiya TIVning shu masaladagi departamenti direktori Zamir Kabulov Moskva "Tolibon" bilan IShIDga qarshi kurashda umumiy manfaatlarga egaligi haqida aytib o‘tgandi va ikki tomon o‘rtasida ma'lumot almashish maqsadidagi kanallar mavjudligini bildirgandi.

U Rossiya Afg‘onistonda ham Suriyadagi kabi harbiy amaliyotlarga boshlashini rejalashtirmaganini qo‘shimcha qilib o‘tgan.

Shu yilning kuzida Suriya va Iroqning katta qismida nazorat o‘rnatgan IShID Afg‘onistonda ham o‘z ta'sirini kengaytirayotgani haqida ma'lumot paydo bo‘ldi. Mamlakatdagi "Tolibon"ga tobe bo‘lmagan guruhlardan biri IShIDga qasamyod qilgan.

Afg‘onistondagi amerikalik harbiy amaldorlardan birining ma'lumotiga ko‘ra, Afg‘onistonda o‘zini IShID a'zosi deb biladigan jangarilar soni 3000 nafar. Ayni vaqtda IShIDning Afg‘onistondagi targ‘ibot kampaniyasi faol harakatlanayotgani qayd etilgan.

Bu vaqtda esa "Tolibon" bu guruhlarga bepisand qarab, o‘z harakatlarini rasmiy Kobulga yo‘naltirgan.

Ma'lumot uchun, "Tolibon" Afg‘onistonning qonuniy hukumatiga qarshi kurashib keladi. Bu tashkilot mamlakatning aksar hududlarida nazorat o‘rnatgan. Tolibonlar 2001 yilda Afg‘onistonga NATO kuchlari kiritilganidan keyin faollikni susaytirgandi. Ammo 2014 yilning dekabrida bu kuchlar olib chiqilishi haqida e'lon qilingach, ularning faolligi o‘sdi.

Top