13:33 / 28.12.2015
5298

O‘zbekistonda qonunlar va boshqa hujjatlar loyihalari aksilkorruptsion ekspertizadan o‘tkaziladi

Me'yoriy-huquqiy aktlar – qonunlar, parlament palatalari qarorlari, prezident farmon, qaror va farmoyishlari, hukumat qarorlari, joylardagi hokimiyat organlari buyruq va qarorlari, vazirliklar, davlat ko‘mitalari va idoralar hujjatlari loyihalari aksilkorruptsion ekspertizadan o‘tkaziladi. Ekspertiza metodikasi O‘zbekiston adliya vazirligi tomonidan tasdiqlandi.

Aksilkorruptsion ekspertiza deganda yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarning loyihalari ularning mundarijasida korruptsiogen omillarning mavjudligi yuzasidan tekshirilishi nazarda tutiladi.

Ekspertiza adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertiza doirasida o‘tkazilib, uning vazifasi loyihalarda korrupsiya holatlarini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan omillarni aniqlash yoxud ularning mavjud emasligini konstatatsiya qilishdir. Shuningdek, u hujjat loyihalarining qabul qilinishining korruptsion oqibatlarini ko‘rsatib berish, uning amaliyotga tatbiq etilishida korrupsiya holatlarining kelib chiqish ehtimollarini bashorat qilish, hujjatlardagi bunday holatlarni bartaraf qilish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Ekspertiza davomida ham rasmiy, ham norasmiy ma'lumotlardan foydalanilishi alohida ta'kidlandi. Rasmiy hujjatlar deganda turli me'yoriy-huquqiy hujjatlar, xalqaro shartnoma va kelishuvlar, rasmiy nashrlar, rasmiy internet resurslari, statistik ma'lumotlar va hisobotlar, sud amaliyoti natijalari tushunilsa, norasmiy ma'lumotlarga OAVdagi xabarlar, ilmiy nashrlar va norasmiy internet resurslari kiradi.

Aksilkorruptsion ekspertiza, shuningdek, ishlab chiquvchi yoxud ushbu hujjatni qabul qiluvchi organ yuridik xizmati tomonidan o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Uning davomida hujjatdagi har bir norma hamda uning soha bo‘yicha boshqa me'yoriy-huquqiy aktlarda ko‘zda tutilgan holatlarga muvofiqligi tekshiriladi.

Amaldagi me'yoriy-huquqiy hujjatlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma va kelishuvlari tasdiqlangan metodikaga muvofiq o‘tkaziladi.

Top