23:38 / 28.12.2015
8742

Saudiya Arabistoni qirollik uyi brilliant bilan bezalgan Rolls-Royce oldi

Rolls-Royce kompaniyasi Ghost sedanining intereri 41 ta brilliant bilan bezalgan yagona nusxasini qurdi. Ghost Red Diamond deb nomlangan avtomobilga Saudiya Arabistoni qirollik uyi buyurtma bergan.

Sedan, shuningdek, shpondan ishlangan dekorativ bezaklar va teridan ishlangan maxsus o‘rindiqlar bilan bezatildi. Bundan tashqari, rul chambari, old panel va markaziy konsol qizil rangdagi teri bilan qoplangan.

Sedan kuzovi salondagi rangdan biriga monand maxsus qizil rangga bo‘yalgan. Kapot, radiator panjarasi “brilliant” rangga ega. Mashinaning eshik ostonalarida modelning nomi va bu avtomobil qo‘lda yagona nusxada yig‘ilgani haqida yozilgan tablichka joylashgan.

Mashinaning motorlari o‘zgartirilgani haqida hech narsa ma'lum qilinmagan. Ghost standart holatda 6,6 litrli, 12 silindrli, 570 ot kuchiga ega benzinli dvigatel bilan jihozlanadi. To‘rt eshikli avtomobil joyidan 100 km/soat tezlikkacha 4,9 soniyada erishadi. Avtomobilning maksimal tezligi 250 km/soatni tashkil qiladi.

“Rolls-Roys”ning maxsus buyurtmalar bo‘yicha bo‘limi muntazam ravishda arab davlatlaridagi badavlat mijozlar uchun avtomobillar ishlab chiqaradi.

Top