17:43 / 28.12.2015
5597

Toshkent shahridagi Mustaqillik maydonida bayram tantanalari boshlandi

Toshkent shahridagi Mustaqillik maydonida chiroqlar va bezaklar bilan yasatilgan archa atrofida kuy-qo‘shiqlar yangrab, quvnoq o‘yinlar, teatrlashtirilgan tomoshalar bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Turli attraksionlar, arg‘imchog‘u mo‘'jaz o‘yingohlar bolalar xizmatida. Rastalarda kichkintoylar uchun turli o‘yinchoqlar, shirinliklar, bayram sovg‘alarining savdosi avjida.

Bayram tantanalari uchun maxsus barpo etilgan katta sahnada O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyorlari ijrosida «Yangi yil sarguzashtlari» nomli teatrlashtirilgan tomosha kichkintoylar e'tiboriga havola etilmoqda. Nasriddin Afandi, Shum bola, Egri va To‘g‘ri, Zumrad va Qimmat ishtirokidagi tomoshalar bolalarga bir olam quvonch ulashmoqda.

«O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, ‘O‘zbeknavo’ estrada birlashmasi, ‘O‘zbekteatr’ ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, O‘zbekiston badiiy jamoalar ijodiy birlashmasi, Toshkent shahar hokimligi va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan yuksak saviyada tashkil etiladigan bayram shodiyonalari Toshkentdagi ko‘plab madaniyat va istirohat bog‘lari, maydon va xiyobonlarda barcha-barchani chorlayotir.

Bunday bayram tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlarda bo‘lib o‘tmoqda», — deyiladi O‘zA xabarida.

Top