12:54 / 29.12.2015
4576

Bosh prokuratura: 2 mingdan ziyod holatda davlat organlari tomonidan ortiqcha yig‘im va ma'lumotlar talab qilinganligi aniqlandi

Respublika Bosh prokuraturasi tashabbusi bilan Samarqand viloyat hokimligida o‘tkazilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat prokuraturasi organlari hamda sohaga daxldor boshqarma va muassasalar vakillari, shahar va tumanlar hokimlarining o‘rinbosarlari, tadbirkorlar ishtirok etdi.

Uztimes.uz nashrining ma'lum qilishicha, Samarqand viloyatida hozirgi kunda qariyb 16 ming tadbirkorlik sub'yekti faoliyat olib bormoqda. 2015 yilning o‘tgan davri mobaynida ming nafarga yaqin tadbirkorlar o‘z faoliyatini boshladi. Natijada kichik biznes sub'yektlarining viloyat yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 77,6 foizni tashkil etdi va ularda aholining 83,3 foizi ish bilan ta'minlandi.

Uchrashuvda Bosh prokuratura tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari manfaatlarini himoya qilish borasida bajarilgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.
– Joriy yilning 9 oyida 532 ta holatda tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuv va noqonuniy tekshirish o‘tkazilganligi, 953 ta holatda noqonuniy qarorlar qabul qilinganligi, 100 dan ortiq tadbirkorning murojaatini ko‘rib chiqishda qonun talablari buzilganligi, 2 mingdan ziyod holatda davlat organlari tomonidan ortiqcha yig‘im va ma'lumotlar talab qilinganligi aniqlangan, – deydi respublika Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori Asliddin Toshpo‘latov.

Prokuratura mutasiddisining aytishicha, ushbu holatlarga barham berish maqsadida qonun doirasida zarur ishlar amalga oshirilgan. Natijada 6 mingdan ortiq tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan. Qonun talablarini qo‘pol ravishda buzish va tadbirkorga jiddiy ziyon yetkazish holatlari bo‘yicha 78 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top