16:22 / 29.12.2015
23717

Farrux Zokirov: “Yalla” guruhi Ginness rekordlar kitobiga kirishi mumkin edi

O‘zbekistonlik taniqli xonanda, “Yalla” guruhi yakkaxoni Farrux Zokirov Sputnik agentligiga bergan intervyusida o‘z guruhining muvaffaqiyatlari haqida gapirib berdi. Avvalambor, u 2015 yilda jamoa 45 yilligini nishonlaganini eslatib o‘tdi.
“Ansamblimizning yubiley yili yakuniga yetmoqda, - ta'kidladi u.

– Boshida biz hazillashardik, Ginness rekordlar kitobiga talabnoma yuborsakmikan, deb. Keyinchalik esa jahon musiqa madaniyatini o‘rganib, shunga amin bo‘ldikki, darhaqiqat, bu qadar uzoq muddat faoliyat yuritgan boshqa biror muqobil kollektiv yo‘q ekan.

Ayrim guruhlar tarqalgan, so‘ng yana to‘plangan. Biz hatto mashhur “Pesnyar”lardan ham o‘tib ketdik”.“Men axir vazirlikda ishladim, madaniyat vaziriga o‘rinbosar, keyin vazir bo‘ldim, lekin mehnat daftarcham “Yalla”da qolaverdi”, - so‘zida davom etdi ustoz san'atkor.Shuningdek, Farrux Zokirov 2016 yilda yana bir yubiley kutilayotganini – 70 yoshga to‘lishini ma'lum qildi.

“Mening holatim juda kamyob, - ta'kidladi u. – Men yetti davlatda xalq artistiman... 1987 yilda O‘zbekistonda shunday unvon oldim. 1994 yilda Qozog‘iston xalq artistiga aylandim. So‘ng Aqayev yillarida Qirg‘izistonda oldim. Darhaqiqat, bu boradagi farmon Yangi yil arafasida chiqqan edi.

Ularning ketidan Qoraqalpog‘iston, Tojikiston, Tatariston va nihoyat Ingushetiyada shunday bo‘ldi. Albatta, bu faxrli va ayni paytda mas'uliyatli hamdir. Har bir mamlakatning o‘z musiqiy madaniyati bor. Xalq artisti unvonining berilishi esa mening xalqim va prezidentimga ko‘rsatilgan hurmat belgisidir”.

Top