11:38 / 29.12.2015
3234

Mahalla” jamg‘armasi: “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi doirasida 10 mlrd so‘m sarflandi

O‘zbekiston milliy matbuot markazida “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi tomonidan “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda yakuniga yetayotgan “Keksalarni e'zozlash yili”da “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan olib borilgan ishlar to‘g‘risida ma'lumotlar taqdim etildi. Ta'kidlanishicha, 2015 yilda ayniqsa, keksalarni e'zozlash, ularni ijtimoiy himoya qilish, salomatliklarini tiklash, mahallalarga zarur shart-sharoitlarni yaratib berish kabi yo‘nalishlarga alohida e'tibor qaratildi.

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi doirasida Fond hisobidan 10 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflangani bu boradagi ishlarning ko‘lami naqadar keng ekanligidan dalolat beradi.

Xususan, mazkur mablag‘lar hisobidan “Mahalla” fondi tomonidan mahallalarda “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi targ‘iboti bo‘yicha 65 mingdan ortiq ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etilgani, urush va mehnat fronti faxriylarining ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, ularning farovonligi va munosib turmushini ta'minlash maqsadida 540 nafariga televizorlar olib berilgani, shuningdek, yolg‘iz va ijtimoiy muhtoj 3 ming nafardan ortiq keksalarning uy-joylari ta'mirlangani alohida e'tirof etildi.

Shuningdek, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashovchi 6 ming nafardan ortiq keksalarga 541,2 mln. so‘mlik kiyim-kechak mahsulotlari olib berildi, 30 ming nafardan ortiq urush qatnashchilarini, qolaversa, yolg‘iz pensionerlarni maxsus dori-darmonlar bilan bepul ta'minlanishiga ko‘maklashildi.

Top