10:46 / 30.12.2015
4176

BMT: IShID hozircha Afg‘onistonga tahdid solmayapti

BMT bosh kotibining maxsus vakili, xalqaro tashkilotning Afg‘onistondagi missiyasi rahbari Nikolas Xeysom RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida IShID terrorchi guruhi hozircha Afg‘onistonga jiddiy tahdid solmayotganini, ammo vaqt o‘tishi bilan bu xatar kuchayishi mumkinligini aytib o‘tdi.

“2015 yilda siyosat, iqtisodiyot va xavfsizlik nuqtai nazaridan Afg‘oniston jiddiy sinovdan o‘tdi, - dedi u. – Narkotik oqimiga qarshi kurash kampaniyasida yaxshilanish bo‘ldi, lekin hozircha bu o‘zgarishlar mustahkamlanadimi, yo‘qmi, noaniq. Albatta, bu O‘rta Osiyo respublikalari va Rossiya uchun xavotirli masala bo‘lib qolaveradi”.

“Markaziy Osiyo respublikalariga tashrifim yakunlariga ko‘ra shuni ayta olamanki, ular Afg‘onistondagi xavfsizlik vaziyatidan tashvishda, ayniqsa Markaziy Osiyo respublikalaridan chiqayotgan jangarilar sonining oshib borayotgani xavotirli, - so‘zida davom etdi mutaxassis. – Suriya va Iroq masalasida Markaziy Osiyo mamlakatlari u yerdagi xorijlik jangarilar uylariga qaytishidan tashvishlanmoqda. Ular qaytayotgan jangarilarni qanday kuzatib topib olishlarini o‘ylamoqda”.

“Ayni paytda IShID Afg‘oniston duch kelayotgan xavfsizlikka yirik tahdid emas, - ta'kidladi Xeysom. – Ularning bu yerdagi kuchlari juda cheklangan. Ayrim hisobotlarda bu harakat Afg‘onistonda keng tarqalgani yoziladi, bu, mening nazarimda, ortiqcha mubolag‘alidir. Ularning salohiyati shundaki, IShIDga boshqa guruhlarning isyonchilari qo‘shilishi mumkin. Biz IShID salafiya oqimi tarqalgan hududlarda o‘z ta'sirini osonlikcha kengaytirganiga guvoh bo‘lganmiz. Bu holat mamlakat sharqida va g‘arbida kuzatiladi”.

“Al-Qoida”ning Afg‘onistondagi kuchlari haqida gapirarkan, BMT vakili hisobotlarda keltiriladigan 7 ming soni haqiqatdan uzoq ekanligini aytib o‘tdi: “Afg‘onistondagi raqamlarni Suriya va Iroq bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Buni hamma har xil baholaydi: qo‘mita ma'lumotlariga qaraganda, mintaqada ularning soni 7 ming kishiga teng, lekin deyarli barcha tahlilchilar bu raqamlarni shubha ostiga olmoqda. Aniq son ma'lum emas”.

Top