12:50 / 30.12.2015
4606

Konimexda farzandini ko‘chaga tashlab ketgan ayol hibsga olindi

Navoiy viloyatining Konimex tumanida odamlar ko‘chaga, xashaklar ustiga tashlab ketilgan yangi tug‘ilgan go‘dakni topib olishdi. Bu haqda “Postda” gazetasi yozmoqda.

“Chaqaloq va undagi kiyimlar uning bundan bir necha kun oldin tug‘ilganini hamda tug‘uruqxonada yo‘rgaklanganini anglatib turardi, - deydi tuman IIB tergov guruhi katta tergovchisi katta leytenant Bobur Rajabov. – Shu sababli dastlabki surishtiruvni voqea sodir bo‘lgan kuni tuman tug‘uruqxonasidan kimlarga uyiga ketishga ruxsat berilganini aniqlashdan boshladik”.

Aniqlanishicha, o‘sha kuni tug‘uruqxonadan Jaqsigul ismli ayol chiqarilgan. U Qozog‘iston fuqaroligini qabul qilganiga qaramay, otasining uyida yashab kelayotgani ma'lum bo‘lgan. IIB xodimlari uning uyiga borib, surishtirganlarida, ayol barini tan olgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Jaqsigul Serik ismli yigitga turmushga chiqib, Qozog‘istonga ko‘chib ketgan. Lekin bir muddatdan so‘ng ajrashib, yana o‘z uyiga qaytib kelgan. O‘sha paytda u ikkinchi farzandiga homilador bo‘lgan. Bu orada uning og‘ir kasal bo‘lgan onasi vafot etgan. Ko‘zi yorigan ayol ikki farzandini qanday boqishi va o‘zi qanday hayot kechirishini bila olmay, go‘dakni ko‘chaga tashlab ketishga qaror qilgan.
Jaqsigul tergovda “chaqalog‘imni o‘ldirish maqsadim yo‘q edi, uni biror kishi topib olishiga umid qilgandim”, deb ta'kidladi.

Top