09:38 / 30.12.2015
3462

Qirg‘iziston qishloqlari o‘zlarini alkogoldan holi hudud deb e'lon qildi

Qirg‘izistondagi ko‘plab qishloqlar o‘zlarini alkogoldan holi hudud deb e'lon qilishdi. Bu haqda Central Asia Online nashri xabar bermoqda.

Hozircha qancha qishloq aholisi mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlayotgani ma'lum emas. Chunki bu taklif to‘satdan paydo bo‘ldi va kundan-kunga tarqalib bormoqda.

Masalan, 9 dekabr kuni Norin tumanidagi Birlik qishlog‘i yoshlari o‘z qishlog‘ida spirtli ichimliklar sotishni taqiqlashni taklif qilib chiqishdi. Qishloqning boshqa aholisi ham bu tashabbusni qizg‘in qarshi oldi. Mahalliy yetakchilar Birlikdagi to‘rtta savdo do‘koni xo‘jayinini spirtli ichimlik sotmaslikka ko‘ndirishdi.

Oradan bir oz fursat o‘tib, O‘sh viloyatining Qorasuv tumanidagi to‘rtta qishloq ham o‘zini alkogoldan holi hudud deb e'lon qildi.
“Bu butunligicha bizning tashabbusimiz, - deydi to‘rt qishloqdan birining fuqarosi Kanatbek Turarberdiyev. – Bizning odamlar ichishni bilishmaydi... ular qarzga botib ketishadi”. Uning aytishicha, ayrimlar puli bo‘lmasa ham qarzga sotib olib ichaveradi, natijada ularni to‘lashga imkoni bo‘lmaydi.

Ayni paytda alkogoldan holi deb e'lon qilingan aksariyat qishloqlar Qirg‘izistonning O‘sh, Norin va Chuy viloyatlarida joylashgan.

Top