21:54 / 19.01.2016
5424

O‘zbekistonda 2015 yilda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 114,1 foizlik o‘sish qayd etildi

Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan 2015 yilning yanvaridan dekabrigacha bo‘lgan muddat davomida 4603,8 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 114,1 foizlik o‘sish qayd etildi. Tarmoqda ishlab chiqarilgan mahsulotning umumiy sanoat hajmidagi ulushi 5,0 foizni tashkil etdi. Bu haqda 2015 yil yanvar-dekabr oylarida respublikada qurilish materiallari sanoatining rivojlanishi yakunlari bo‘yicha hisobotiga asoslanib, Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati xabar bergan.

Tarmoqning yirik sanoat korxonalari tomonidan, o‘tgan yilga nisbatan quyidagilar bo‘yicha ishlab chiqarish hajmining oshirilishiga erishildi: kaolin – 4,7 martaga, listlangan shisha – 25,8 foizga, ishlov berilgan marmar, travertin, alebastr va ulardan tayyorlangan buyumlar – 17,1 foizga, tomga yopish uchun keramik cherepitsa – 16,7 foizga, qurilish uchun (o‘tga chidamsiz) keramik g‘ishtlar – 16,5 foizga.

Shu bilan birgalikda, yirik korxonalar tomonidan 2014 yilning tegishli davriga nisbatan qurilish uchun qorishmalar va aralashmalar ishlab chiqarish 2,0 martaga, ohaktosh ishlab chiqarish 46,8 foizga, portland sement ishlab chiqarish 12,3 foizga, gips ishlab chiqarish 5,4 foizga o‘sgan.

Qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmining asosiy qismi Toshkent (tarmoqning umumiy hajmiga nisbatan 20,9 foiz), Navoiy (20,1 foiz), Farg‘ona (12,5 foiz) viloyatlari va Toshkent shahri (11,2 foiz) korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish va kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan choralar bu tarmoqda ham ushbu sub'yektlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot hajmining o‘sishiga olib keldi.

Natijada, kichik tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot hajmining o‘sish sur'ati o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 124,4 foizni tashkil etdi va jami sanoat hajmidagi ulushi esa 52,0 foizga yetdi.

Hozirgi paytda respublikada 5065ta qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ulardan 720tasi 2015 yilda yangi tashkil qilingan korxonalar hisoblanadi.

Top