10:17 / 01.02.2016
3333

“Gazprom”ga qarshi “Janubiy oqim” loyihasining yopilishi munosabati bilan 759 mln yevrolik da'vo kiritildi

Italiyaning “Janubiy oqim” gaz quvurining suv osti qismi qurilishi uchun tanlangan Saipem pudratchisi Parijdagi xalqaro savdo palatasiga “Gazprom” nazorati ostidagi South Stream Transport B.V.ga qarshi da'vo arizasi bilan murojaat qildi. RBK nashrining ma'lum qilishicha, ariza 2015 yil noyabrida kiritilgan.

South Stream Transport “Janubiy oqim” suv osti qismi qurilishining operatori hisoblanadi. Ukrainani chetlab o‘tgan holda Qora dengiz tubidan o‘tishi kerak bo‘lgan quvurning qurilishi amalga oshmay qolib ketdi. Shu bois Saipem undan 759 mln yevro talab qilmoqda.

Ushbu shikoyat shartnomaning to‘xtatilishi munosabati bilan keltirilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi umumiy da'vo tarkibiga kiritilishi mumkin. Bu holda zarar miqdor boshqatdan hisob-kitob qilinadi. Italiya kompaniyasi vakillarining ta'kidlashicha, South Stream Transport sud eshituvi haqida 2015 yil 15 dekabrida ogohlantirilgan. “Gazprom” vakili axborot yetib kelganligini tasdiqladi. Shu bilan birga, u italiyaliklarning da'volari asossiz ekanligini ta'kidlab, sud orqali kompaniya manfaatlari himoya qilinishini aytdi.

Top