19:45 / 02.02.2016
2420

2 fevral – Jahon suvli-botqoqli hududlar kuniga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Ekoharakat deputatlar guruhi, O‘zbekiston Ekologik harakati, Qushlarni muhofaza qilish jamiyati hamkorligida 2 fevral – Jahon suvli-botqoqli hududlar kuniga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zA xabarida keltirilishicha, sayyoramizda biologik xilma-xillikni asrash, oziq-ovqat to‘kinligini ta'minlashda suvli-botqoqli hududlarning ahamiyati beqiyosdir. Ularni muhofazalash maqsadida 1971 yil 2 fevral kuni Eronning Ramsar shahrida xalqaro konvensiya qabul qilingan. Ushbu konvensiyaga bugungi kunda bir yuz yetmishga yaqin davlat, jumladan, O‘zbekiston ham a'zo.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari B.Alixonov va boshqalar mamlakatimizning suvli-botqoqli hududlari o‘ziga xos flora va faunasi bilan ajralib turishi, ularni asrash va kengaytirishga ulkan e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi.
Shunday ishlar samarasida Buxoro viloyatidagi Dengizko‘l, Jizzax va Navoiy viloyatlaridagi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi Ramsar konvensiyasining xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli hududlari ro‘yxatiga kiritildi. Davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida alohida muhofaza etiladigan hududlar maydonini kengaytirishga yo‘naltirilgan bunday ilmiy-amaliy loyihalar ko‘lami kengaymoqda.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi axborot xizmati, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Jurnalistlar uyushmasi, O‘zbekiston Ekologik harakati va boshqa davlat hamda jamoat tashkilotlari hamkorligida o‘tkazilgan respublika ekologik jurnalistika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlovda yuzdan ortiq jurnalist to‘rt yuzdan ziyod ijodiy ish bilan ishtirok etgan.

Tanlov g‘oliblari va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Top